Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i anomal issiq sharoitida xodimlarga belgilangan mehnat sharoitlarini yaratmagani va mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.

Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishda obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan xodimlarga qonunchilikda nazarda tutilgan xavfsiz va qulay mehnat sharoitlari yaratilmagani aniqlangan. Xususan, yuqori havo haroratida ishchilar ochiq havoda tozalash ishlarini bajargan.

Shu munosabat bilan Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi asosida ish qo‘zg‘atilib, ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi. Mazkur modda mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan taqdirda BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,06 mln – 4,12 mln so‘m) miqdorda jarima solishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtda obodonlashtirish xizmati xodimlari ko‘cha tozalayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Shundan so‘ng Davlat mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga anomal issiq sharoitida obodonlashtirish xizmati xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rsatma yubordi.

Inspeksiya barcha davlat organlari va tashkilotlardan issiq ob-havoda yig‘ilishlar hamda jamoat ishlarini o‘tkazmaslikni talab qildi. Bundan avval, 15-iyul kuni ish beruvchilarga ochiq havoda mehnat qiladigan xodimlarning mehnat sharoitlarini qayta ko‘rib chiqish, kunning eng issiq soatlarida esa bunday ishlarni qisqartirish yoki vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi.

Source: www.gazeta.uz