Bugun, 24-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat rahbariga tabrik yo‘lladi.
Tabrikda Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi faoliyati O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va jahon miqyosidagi obro‘sining oshishi bilan belgilanganini ta’kidladi.
“Rossiya-O‘zbekiston keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi ko‘p yillik shaxsiy hissangizni ortiqcha baholab bo‘lmaydi”, — deyiladi tabrikda.
Putin, shuningdek, “Samimiy do‘stona munosabatlarimizni qadrlayman. Ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarda konstruktiv muloqot va yaqin hamkorlikni davom ettirishdan mamnun bo‘laman”, — deb qo‘shimcha qildi.
Rossiya Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik, baxt, farovonlik va do‘st O‘zbekiston xalqi manfaati uchun yangi yutuqlar tiladi.
Source: uznews.uz