Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyat hokimlarini inflyatsiyani jilovlash bo‘yicha berilgan va’dalarni bajarmagani uchun qattiq tanqid qildi.

Davlat rahbari inflyatsiyani iqtisodiy barqarorlikning eng muhim masalasi deb atadi va “kam ta’minlangan oilaga qo‘shimcha soliq” deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov va viloyat hokimlariga bozorda tovar va xizmatlar taklifini ko‘paytirish hamda narxlar o‘sishini jilovlash topshirilgan.

Yanvar oyida hududlar rahbarlari olti oy yakunlariga ko‘ra iste’mol narxlari 3 foizdan ortiq o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan edi. Biroq, Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu vazifani faqat Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bajargan. Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida iste’mol narxlari 3,6 foiz, Xorazm viloyatida — 3,5 foiz, Farg‘ona, Jizzax va Navoiy viloyatlarida esa 3,4 foizga oshgan.

Prezident hokimlarni va’dalarini bajarishga chaqirib, “Agar bu inflyatsiyani bunday jilovlamasak, ertaga bozor nima bo‘ladi, odamlar oyligi qayoqqa ketadi?” dedi.

Yig‘ilishda go‘sht narxining o‘sishiga alohida e’tibor qaratildi. Apreldan iyungacha go‘sht taxminan 6−8 foizga qimmatlashgan. Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, hokimlar 1-avgustga qadar import qilinadigan go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplashni so‘ragan. Prezident bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan va bu maqsadlar uchun 300 mlrd so‘m ajratilgan.

Prezident chorva mollari soni bo‘yicha statistikadagi jiddiy tafovutlarga ham e’tibor qaratdi. Bungacha chorvachilik uchun mas’ullar va hududlar rahbarlari mamlakatda 14,5 mln bosh qoramol hamda 24,5 mln bosh qo‘y-echki borligidan kelib chiqqan. Biroq qishloq xo‘jaligi ro‘yxati amalda qoramol soni avvalgi ma’lumotlarga nisbatan 2,5 mln boshga, qo‘y va echkilar esa 1,5 mln boshga kam ekanini ko‘rsatdi.

Birgina Qashqadaryo viloyatida qoramol soni avval e’lon qilingan ko‘rsatkichdan 171 ming boshga, qo‘y va echkilar soni esa 288 ming boshga kam bo‘lib chiqqan. Prezident bahosiga ko‘ra, shu sababli bozor faqat ushbu viloyatning o‘zidan 50 ming tonna go‘sht va 120 mln litr sutni kam oladi.

Mas’ul rahbarlarga hokimlar bilan birgalikda 1-avgustga qadar har bir hudud bo‘yicha go‘sht balansi to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Ular qaysi mamlakatlardan va qanday hajmlarda mahsulot import qilinishi, yetkazib berishning kalendar rejasini tuzishi va tadbirkorlar bilan amaliy ishlarni boshlashi kerak. Import qilinadigan go‘shtni havo orqali tashish bo‘yicha imtiyoz yil oxirigacha uzaytiriladi.

May oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan chorvachilik loyihalari uchun 1 trln so‘m ajratilgan edi. Qo‘shimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 50 mln dollar yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan yillik 10% stavkada kreditlar berish rejalashtirilgan: chorvachilik komplekslarini tashkil etish uchun — 5 mlrd so‘mgacha, nasldor yirik shoxli qoramol yetishtirish loyihalari uchun — 20 mlrd so‘mgacha. Kredit muddati to‘rt yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 10 yilni tashkil etadi. Yil oxirigacha 100 ming bosh qoramol, shuningdek, 150 ming bosh qo‘y va echki import qilish vazifasi qo‘yildi.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etganini, bunda narxlar o‘sishining 13 foizi go‘sht mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelganini aytgan edi. Dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarishning qisqarishi va importning keskin o‘sishi fonida prezident ozuqa ekinlari ekiladigan maydonlarni kengaytirish hamda xorijdan yetkazib berishga qaramlikni kamaytirishni topshirgan.

2025-yilda tirik vaznda go‘sht yetishtirish 1,5 foizga oshib, 2,99 mln tonnaga yetdi. Biroq dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida ishlab chiqarish 1,9 foizga qisqarib, 2,43 mln tonnani tashkil etdi. Taqqoslash uchun: 2024-yilda ushbu xo‘jaliklarda go‘sht yetishtirish 4,1 foizga oshgan edi.

Gazeta o‘rgangan Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 481,7 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,2 foiz, yoki 142,9 mln dollarga ko‘p. Jismoniy hajmdagi import esa unchalik katta bo‘lmagan sur’atda — 19,7 foizga oshib, 122,8 ming tonnadan 146,9 ming tonnaga yetgan. Import qilingan mahsulotning o‘rtacha qiymati taxminan 18,8 foizga oshib, bir kilogramm uchun 2,76 dollardan 3,28 dollarga yetgan.

Source: www.gazeta.uz