Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning birinchi yarmida xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali O‘zbekistonga 9,28 mlrd dollar kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko‘p. Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida qayd etilishicha, ikki yil ichida bu ko‘rsatkich 44 foizga oshgan.

O‘zbekistondan xorijga o‘tkazilgan mablag‘lar hajmi 1,33 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8,1 foizga ko‘p. Natijada pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo 8 mlrd dollarga yaqinlashdi. Markaziy bank bu oqimni ichki bozorda xorijiy valyuta taklifining qo‘shimcha manbai sifatida baholaydi.

Aholi tijorat banklariga 12,3 mlrd dollar sotdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 baravar ko‘p. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar 6,8 mlrd dollar xorijiy valyuta xarid qildi. Natijada aholi tomonidan valyutaning sof taklifi 5,5 mlrd dollarni tashkil etib, bir yil ichida deyarli 1,5 baravarga oshdi.

Markaziy bank pul o‘tkazmalari hajmining ortishi, eksport tushumlari va yuridik shaxslar tomonidan valyuta taklifining o‘sishi bilan birga, yilning birinchi yarmida almashuv kursining nisbiy barqarorligini ta’minlaganini ta’kidladi.

2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 27,2 foizga oshib, 18,9 mlrd dollarni tashkil etgan edi. Rivojlangan mamlakatlar va Osiyo davlatlarida ishlayotgan o‘zbekistonliklardan tushgan transfertlar 22 foizga oshib, 3,49 mlrd dollarga yetdi.

Birinchi chorakda pul o‘tkazmalari hajmi 13 foizga oshib, 3,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Tushumlarda Rossiya ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha kamaygan bo‘lsa, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Yevropa mamlakatlari ulushi ortgan.

Source: www.gazeta.uz