Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov 20-iyul kuni prezident huzuridagi taqdimotda davlat rahbariga ajratilgan mablag'lar uchun minnatdorlik bildirib, tizim avval qanday ishlagani haqida so'zlab berdi.
“Oxirgi yillarda faqat suvning o'ziga 2 trillion 750 milliard so'm faqat Qashqadaryo uchun mablag' bergansiz. Muhtaram prezident, 2017-yil yanvar oyida hisobotda 20−30 foiz bo'lgan, lekin amaldagi holatni olib qaraydigan bo'lsak, 10−11 foiz atrofida ichimlik suvi bilan ta'minot bo'lgan”, — dedi Murotjon Azimov.
Uning so'zlariga ko'ra, ichimlik suvi ta'minoti faqat Kitob, Shahrisabz va Yakkabog'da mavjud bo'lgan, Qarshi shahrida esa suv soatma-soat berilgan.
“Boshqa joyda qog'ozda bo'lib ketgan. Mana Osiyo taraqqiyot banki hisobidan ham 2002-yil, 2007-yil loyihalari qog'ozda aylangan, muhtaram prezident. Hech bo'lmagan, ishlamagan ham, hozir yiliga 28 milliard [so'm] pul to'lab o'tiribmiz unga, yo'q joydan”, — dedi hokim.
Murotjon Azimovning davom etishicha, bugungi kunda viloyatda ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 11 foizdan 61,8 foizga yetgan.
“776 ta mahalladan 408 tasi to'liq, 213 tasi qisman ta'minlandi. Hozir 155 ta mahallamizda mashinalar bilan muqobil manbalardan suvlar olib borib ta'minlanyapti. Mana shu besh yilda bergan mablag'ingiz hisobiga oxirgi 412 kilometr ichki tarmoq ta'mirlandi”, — dedi hokim.
Uning aytishicha, Qamashi tumanida suv tarmoqlari bilan ta'minlanganlik darajasi 53 foizga yetgan. Xuddi shunday ko'rsatkich Ko'kdala tumanida ham qayd etilgan.
Hokimning ma'lum qilishicha, 85 ta mahallada 165 ta artezian qudug'i qurilgan. Fermerlar kengashi jamg'armasi mablag'lari hisobidan 134 ta, Bandlik vazirligi jamg'armasi hisobidan yana 16 ta quduq qazilgan. Mahalliy budjetdan 1,5 mlrd so'm ajratilgan va 50 ta quduq allaqachon “Aqlli quduq” tizimi bilan jihozlangan. Suv qazib olish hajmi va har bir quduqning elektr energiyasi sarfini nazorat qilish uchun kelgusida mazkur tizimga yana 450 ta quduqni ulash rejalashtirilgan.
“Har yili 8 ming, 9 ming, 10 mingta kvartira topshiryapmiz. Albatta, bu suvga bo'lgan, odamlar ko'chib kelyapti Qarshiga ham. Urbanizatsiya jarayoni tezlashib ketdi. Albatta, bu suvga borib taqalyapti, muhtaram prezident. Ming rahmat, birga ishlaymiz Suvankulov bilan („O'zsuvta'minot“ rahbari Ahmad Suvankulov — tahr.). Muhtaram prezident, uchta katta loyiha amalga oshyapti: Koson, Muborak, Shahrisabz bilan Kitobning kanalizatsiyasi, Qarshi. Bu hammasini odamlarimiz sezyapti, kutyapti, o'zining hayotida aks etadi”, — dedi Qashqadaryo hokimi.
U, shuningdek, iqlim masalasiga ham alohida to'xtaldi.
“50 gradus bo'ldi bugun Qarshi. Bo'lmasa hokimiyatga ham odam to'lib ketardi, boshqaga ham. Xudoga shukur, bironta odam ham elektrdan ham shikoyat qilib kelgani yo'q yoki suv ber ham degani yo'q. Bu hammasi mana shu oxirgi yillarda bergan pullaringiz, ichki tarmoqlarning tortilganligi evaziga odamlarning uyigacha suv yetib borganligini ko'rsatib turibdi, muhtaram prezident”, — dedi Murotjon Azimov.
Xorazm viloyati hokimi Jo'rabek Rahimov ham hududda amalga oshirilgan ishlar haqida gapirib, ular yuqori haroratni yengil o'tkazish imkonini berganini ta'kidladi.
“Qashqadaryo viloyati hokimi aytganidek, bizda ham 50 gradusdan oshdi havo. Mana, o'zingiz yaratib bergan tizim bo'yicha, hurmatli prezident, oldindan ko'ra bilib, mana shu elektr energiyada ham, ichimlik suvida ham — hech birisida umuman muammo bo'lmasdan, mana bugundan havo endi salqin bo'ldi, bemalol o'tib oldik”, — dedi Jo'rabek Rahimov.
Uning qo'shimcha qilishicha, agar yetti-sakkiz yil avval bu ishlar boshlanmaganida, “bir hafta issiqda ahvolimiz nima bo'lishini o'zimiz ichimizdan bilib, sezib turibmiz”.
Source: www.gazeta.uz