Qonunchilik palatasi deputatlari 22-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda chet el fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan joylashtirganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qulladi, deya xabar berdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattorovning ta’kidlashicha, dastlabki besh oyda O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimi 27 foizga oshib, 5,5 million kishiga yetgan. 80 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibi amal qilmoqda, shuningdek, elektron vizalarni rasmiylashtirish mexanizmi joriy etilgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, migratsiya sohasida hali hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar saqlanib qolmoqda. “Ayrim mehmonxonalar, sayyohlik bazalari, pansionatlar, kempinglar, xostellar, sanatoriylar, davlat va xususiy davolash muassasalarining mansabdor shaxslari yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanmasdan, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni o‘z joylashtirish obyektlarida [E-mehmon tizimi orqali] vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qabul qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda”, — dedi Diyorbek Sattorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, buning oqibatida belgilangan ro‘yxatga olish tartibi buzilib, ularni hisobga olish hamda amaldagi joylashuvini aniqlashda qator noaniqliklarni keltirib chiqarmoqda.
“Belgilangan talablarga rioya qilmaslik bunday subyektlarga soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash imkonini beradi va yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga xizmat qiladi. Bu esa amaldagi jazo choralarining yetarlicha samarali emasligidan dalolat beradi hamda bunday subyektlar uchun alohida javobgarlik me’yorlarini joriy etishni talab qiladi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Tuzatishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 225-moddasini joylashtirish obyektlari va davolash muassasalarida ishlaydigan alohida toifadagi mansabdor shaxslar uchun xorijiy fuqarolarni ro‘yxatga olish tartibini buzganlik uchun jazo belgilovchi norma bilan to‘ldirish, shuningdek, bir yil davomida takroran sodir etilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Ichki ishlar organlariga bunday ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, mansabdor shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz shaxslarning yashashiga yo‘l qo‘yganligi uchun javobgarligi kuchaytirilmoqda.
Qo‘shimcha ravishda, atamalarni amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish uchun 24 ta qonunga o‘zgartishlar kiritish rejalashtirilgan. IIV vakilining aniqlik kiritishicha, vaqtinchalik yashash guvohnomasini olish tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingach, bir qator qonunlarga texnik tuzatishlar kiritish, shuningdek, “doimiy yashash joyi” va “vaqtinchalik yashash joyi” tushunchalarini tegishlicha “yashash joyi” va “turgan joyi” tushunchalariga almashtirib, ularning muvofiqligini ta’minlash zarur.
2025-yil oktabr oyida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risid”gi qonun kuchga kirdi. Hujjat bilan “Ye-xabar berish” tizimi joriy etildi, u orqali doimiy yashovchi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun murojaat qilganda ularni ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish nazarda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz