Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Cho‘lpon” mahallasi aholisi o‘zlari yashab kelayotgan uch va to‘rt qavatli uylar orasida ko‘p qavatli (turli ma’lumotlarga ko‘ra, besh yoki yetti qavatli) bino qurilishiga bir yildan ortiq vaqtdan beri qarshi chiqmoqda. Obyekt uchun 0,05 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, uni Royal Residence pudrat kompaniyasi va Sharqevroproekt loyiha tashkiloti amalga oshirmoqda. Poydevor uchun chuqur (kotlovan) buzilgan mahalla qo‘mitasi, futbol maydoni va bolalar maydonchasining bir qismi o‘rnida qazilgan.
Mahalla ahli tomonidan ko‘tarilgan nizo o‘tgan yil davomida uchta sud bosqichidan o‘tdi. Ish bo‘yicha javobgar sifatida Toshkent shahar hokimligi va poytaxt Qurilish bosh boshqarmasi, shuningdek, uchinchi shaxs sifatida pudratchi tomoni jalb qilingan. Birinchi instansiya — Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi — 2025-yil oktabrida aholining da’vo talablarini qanoatlantirishni rad etgan. Toshkent shahri ma’muriy sudining apellyatsiya instansiyasi esa 2026-yil 19-yanvarda bu qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.
19-iyun va 7-iyul kunlari yetti nafar arizachining taftish shikoyati shu sudning sudyasi Ulug‘bek Almamedov raisligida, sudlov hay’ati a’zolari Tohir Salimov va Aliakbar Bo‘riyev ishtirokida ko‘rib chiqildi. 23-iyun kuni hay’at qurilish joyini ko‘zdan kechirish uchun bordi. Mahalla ahli sudyalar e’tiborini “to‘siqdagi plakatlar, haqiqiy holat va DAQNdagi hujjatlar bir-biriga mos kelmasligi”ga qaratdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach esa qurilish maydonchasi to‘sig‘idagi obyekt pasporti tushirilgan banner g‘oyib bo‘ldi.
Shikoyatni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahri ma’muriy sudining taftish hay’ati avvalgi sud instansiyalari qarorlarini o‘zgarishsiz qoldirgan. Ish materiallarini o‘rganib, mahalla ahli bilan suhbatlashgan Gazeta xabariga ko‘ra, asosiy hujjatlardan biri Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqovning 2024-yil 29-noyabrdagi 877−14−0-Q/24-sonli yopiq qarori bo‘lgan. Unda “Toshkent shahri tumanlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tajriba tariqasida namunaviy „mahalla markazlarini“ tashkil etish chora-tadbirlari” belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, “Cho‘lpon” mahallasidagi obyekt namunaviy mahalla markazlarini qurish bo‘yicha DXSH loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan. Ajratilgan 0,05 gektar yer uchastkasi bilan birga hududda avtoturargoh va yashil zona ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Taftish shikoyatini ko‘rib chiqish chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, bunga 2024-yil mart oyida prezident tashrif buyurgan Yakkasaroy tumanidagi “Dilbuloq” mahallasi tajribasi asos qilib olingan.
Aholi vakillarining advokati Viktoriya Shmarkovskaya oldingi sud instansiyalari ish holatlarini to‘liq o‘rganib chiqmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, birinchi instansiya sudlov hay’ati fuqarolar yig‘ilishi bayonnomasiga tayanib, arizachilarning yig‘ilishda qatnashmaganining o‘zi aholining rozi emasligini anglatmasligini ko‘rsatib o‘tgan. Shmarkovskaya ish materiallarida qurilishga va yer uchastkasi ajratilishiga qarshi chiqqan 150 ga yaqin mulkdorning jamoaviy murojaati borligini eslatib o‘tdi.
Fuqarolar loyihaning ayrim shaharsozlik talablariga, jumladan, yong‘in va seysmik xavfsizlik bilan bog‘liq talablarga nomuvofiqligiga e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, ular uylar orasida qad rostlaydigan ko‘p qavatli bino yaqin atrofdagi uylarga tushadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurini to‘sib qo‘yishidan xavotirda. Aholining so‘zlariga ko‘ra, qurilish zarur ruxsatnomalar rasmiylashtirilmasdan ancha oldin boshlangan. Buni Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining fuqarolarning fevraldagi murojaatiga bergan javobi ham tasdiqlaydi.
“Shaffof qurilish” tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi obyekt qurilishi uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i 2025-yil 6-martda berilgan, shundan so‘ng loyiha Favqulodda vaziyatlar vazirligi, ekologiya idoralari, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa tegishli tashkilotlarning ijobiy xulosalarini olgan. 2025-yil 4-iyun kuni Arxitektura-shaharsozlik kengashi loyiha-smeta hujjatlarini kelishgan. 2025-yil 2-dekabrda “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi respublika markazi” DUK yig‘ma ekspertiza xulosasini bergan.
Oradan vaqt o‘tib, 2025-yilning 17-dekabriga kelibgina Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi nazorat inspeksiyasi obyektni qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatga olgan. Bu vaqtga kelib, mahallaning eski binosi buzib tashlangan, daraxtlar kesilgan, poydevor uchun kotlovan qazilgan, sud jarayonlari esa bir necha oydan beri davom etayotgan edi.
Source: www.gazeta.uz