Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarim yilida O‘zbekiston banklari tomonidan jami 13,1 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 3,7 trln so‘mga yoki 39% ga oshgan.

Ipoteka krediti oluvchilar soni 31 589 nafardan 42 575 nafarga ko‘paygan, ya’ni 34,8% ga o‘sgan. Kreditning o‘rtacha miqdori esa 299 mln so‘mdan 308 mln so‘mgacha oshgan.

Banklar tomonidan birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun 9,8 trln so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, bu umumiy summaning 75 foizini tashkil etadi. Ikkilamchi bozorda esa 10 580 kishiga 3,3 trln so‘mlik kredit ajratilgan.

Eng ko‘p ipoteka kreditlari Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan – 4,01 trln so‘m. Andijon viloyati 1,11 trln so‘m bilan ikkinchi, Qashqadaryo (963 mlrd so‘m), Farg‘ona (888 mlrd so‘m) va Surxondaryo (834 mlrd so‘m) viloyatlari keyingi o‘rinlarni egallagan.

Eng kam kreditlash hajmi Sirdaryo viloyatida (356 mlrd so‘m), Jizzax (414 mlrd so‘m), Buxoro (505 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘istonda (508 mlrd so‘m) qayd etilgan.

Eng yirik kreditor Xalq banki bo‘lib, u 2,2 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratgan. Undan keyin “Agrobank” (1,96 trln so‘m), “Milliy bank” (1,68 trln so‘m), “Ipoteka bank” (1,58 trln so‘m) va “O‘zsanoatkurilishbank” (1,29 trln so‘m) turadi.

Ipoteka oluvchilarning 54% erkaklar, 46% ayollar bo‘lgan. Qarz oluvchilarning asosiy qismi (65%) 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.

Respublika budjetidan moliyalashtiriladigan ipoteka bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 16,8% ni, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan 21,6% ni, banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan esa 20,1% ni tashkil etgan.

Source: www.gazeta.uz