2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 519,5 ming kishini tashkil qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, o‘sish sur’ati 2025-yildagi 2 foizdan 0,3 foizga pasaygan.
Aholining 50,9 foizi (19 608,9 ming kishi) shaharlarda, 49,1 foizi (18 910,6 ming kishi) qishloqlarda istiqomat qiladi. Ayollar ulushi 49,6 foiz (19 118,9 ming), erkaklar ulushi 50,4 foiz (19 400,6 ming)ni tashkil etadi.
2026-yilning yanvar-iyun oylarida 373,4 ming bola tug‘ilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,1 mingga kam. Tug‘ilish koeffitsiyenti har ming aholiga 19,6 promilleni tashkil etdi. Tug‘ilganlarning 51,7 foizi o‘g‘il bolalar, 48,3 foizi qizlardir. Shaharlarda 182,9 ming, qishloqlarda 190,5 ming bola tug‘ilgan.
O‘limlar soni 86,9 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2,8 mingga oshgan. O‘lim koeffitsiyenti har ming aholiga 4,6 promille. Vafot etganlarning 55,6 foizi erkaklar, 44,4 foizi ayollardir. Shaharlarda 47,3 ming, qishloqlarda 39,6 ming kishi vafot etgan.
Migratsiya faolligi sezilarli oshgan: olti oy ichida mamlakat bo‘ylab 185,6 ming kishi ko‘chib kelgan, 189,3 ming kishi ko‘chib ketgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 127,8 ming va 132,6 ming edi. Ichki migratsiya hajmi bir yilda qariyb 45 foizga oshib, 183,9 ming nafarni tashkil etdi.
Xorijdan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar soni 673 nafardan 1 649 nafarga ko‘paygan, xorijga ketganlar soni esa 5 551 nafardan 5 422 nafarga kamaygan. Natijada tashqi migratsiya salbiy saldosi biroz qisqargan.
Eslatib o‘tamiz, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvarda O‘zbekistonda 39 047 321 kishi istiqomat qilgan, bu joriy hisob-kitoblardan 810 ming 617 kishiga ko‘p.
Source: www.gazeta.uz