Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni Yangiyo‘l tumanidagi elektr va gaz ta’minotidagi jiddiy muammolarni hal qilish uchun maxsus shtab tashkil etilishini ma’lum qildi. Shtabga energetika vaziri Sherzod Xodjayev rahbarlik qiladi, tuman hokimi San’at Jumaniyozov esa uning o‘rinbosari etib tayinlandi.
Tumanda 1400 km elektr tarmoqlari va 422 ta transformator mavjud bo‘lib, so‘nggi besh yilda aholining elektr iste’moli 68 million kVt/soatdan 102 million kVt/soatga, ya’ni 1,5 baravarga oshgan. Biroq shu davrda bor-yo‘g‘i 60 ta transformator va 240 km tarmoq yangilangan. Natijada yil boshidan elektr yo‘qotishlari 30 million kVt/soatga yetgan va 37 ta avariya sodir bo‘lgan.
To‘lov intizomining pastligi sababli debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mni tashkil etgan, shundan 9,4 milliard so‘mi noreal qarzdorlikdir. Tumanda 829 ta iste’molchining hisoblagichi ASKUE tizimiga mos kelmaydi, yana 2 mingta hisoblagich ma’lumot yubormaydi. Soliqqa “nol” hisobot topshirgan 48 ta korxona olti oyda 871 ming kVt/soat elektr ishlatgan.
Gaz ta’minotida ham shunga o‘xshash muammolar mavjud: 5 mingdan ortiq gaz hisoblagich ma’lumot uzatmayotgani sababli qarzdorlik 188 milliard so‘mga yetgan. Shtab ikki hafta ichida tumanning 51 ta mahallasida aholi va tadbirkorlarning oylik, choraklik va yillik talabini o‘rganib, “energiya iste’moli balansi”ni shakllantiradi.
Reja bo‘yicha transformator va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash, tarmoq tortish zarurati aniqlanadi. ASKUE va ASKUG tizimiga mos kelmaydigan hisoblagichlar almashtirilib, ma’lumot uzatmayotgan qurilmalarning uzluksiz aloqasi ta’minlanadi. Elektr va gaz yo‘qotishlarini ikki baravar kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.
Yirik iste’molchi korxonalar energiya auditidan o‘tkazilib, ularni tejamkor texnologiyalarga o‘tkazish uchun banklar tomonidan resurs ajratiladi. Barcha bog‘cha, maktab, texnikum, shifoxona va poliklinikalarning energiya sarfi tahlil qilinadi. Ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi diagnostika qilinadi va qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘chama-ko‘cha ish olib boriladi.
Barcha ishlar 1-oktabrgacha yakunlanib, Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi. Prezident bu tizimni respublikadagi barcha tuman va shaharlarga tatbiq etilishini aytdi. Energetika tizimi rahbarlari har bir viloyatdagi eng og‘ir bittadan tumanga biriktiriladi.
Avvalroq yig‘ilishda Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston energetikasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etilgani, tarmoqlar va uskunalarni yangilashga 30 trillion so‘m yo‘naltirilganini ma’lum qilgan edi. Shunga qaramay, birgina iyun-iyul oylarida 4000 ga yaqin avariya sodir bo‘lgan. Prezident sohaning asosiy muammosi sifatida boshqaruv sifatini atadi.
Yig‘ilishdan oldin energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etilgani, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari Asrorjon Asqarov ishdan olingani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekistonning to‘rtta eng yirik energetika kompaniyasi rahbarlari prezidentdan yil oxirigacha sinov muddatini oldi.
Source: www.gazeta.uz