7-8-iyul kunlari Toshkentda sudyalar uchun jinsiy zo‘ravonlik va odam savdosi qurboni bo‘lgan bolalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy seminar trening o‘tkazildi. Tadbir bolalar ombudsmani, Oliy sud, YeXHT va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etildi.
Treningda bolalarga do‘stona odil sudlovni ta’minlash, xalqaro standartlarni qo‘llash va jabrlanuvchi bolalarni qayta travmatizatsiyadan himoya qilish masalalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, uning oqibatlari, bola bilan muloqot qilish xususiyatlari va sudyalarda maxsus ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratildi.
Xalqaro ekspertlar – avstriyalik huquqshunos, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq raisi Renate Vinter va gruziyalik Maya Chuchoa o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular Barnaxus modeli amaliyoti haqida ma’lumot berdi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova sudyalarning malakasini tizimli oshirish muhimligini ta’kidladi. U 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi doirasida Barnaxus modeli joriy etilayotganini, pilot loyiha Samarqandda boshlanishini ma’lum qildi.
Rahmonova amaliyotda bolalarga qarshi zo‘ravonlik jinoyatlarini tergov qilish va sudda ko‘rib chiqishda bir qator muammolar saqlanib qolayotganini qayd etdi. Jumladan, bolalarni qayta-qayta so‘roq qilish, zo‘ravon bilan yuzlashtirish, pedagog va psixolog ishtirokining majburiy emasligi kabi kamchiliklar mavjud.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov ayrim hollarda ota-onalar yoki qonuniy vakillar bolaning manfaatiga zid harakat qilayotgani, jumladan, bolani ko‘rsatmalarini o‘zgartirishga majburlash holatlari aniqlanganini aytdi.
9-10-iyul kunlari xuddi shu mavzuda prokuratura xodimlari uchun ham trening o‘tkazildi. Unda xorijiy ekspertlar tergov davomida bola bilan suhbat metodologiyasi, uning emotional holatini baholash va qayta ruhiy jarohat olishining oldini olish masalalari tahlil qilindi.
Source: www.gazeta.uz