O‘zbekistonning Belarusga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Yoqubjonovich Mamajonov Minsk shahriga yetib bordi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Bungacha u Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Nuriddin Mamajonov 45 yoshda. U O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Chexiyaning Bogemiya markaziy universitetini tamomlagan. Yevropa amaliy fanlar va menejment institutining (Praga) biznes boshqaruvi doktori (DBA) darajasiga ega.
Yangi elchi O‘zbekiston Adliya va Tashqi ishlar vazirliklarida, Germaniyadagi elchixonada, Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonada turli lavozimlarda ishlagan. 2022−2023-yillarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, Tashqi ishlar vazirligi Iqtisodiy diplomatiya departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Nuriddin Mamajonov 2024—2026-yillarda O‘zbekistonning Minskdagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Rahmatulla Nazarov o‘rniga tayinlandi.
Source: www.gazeta.uz