Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kungi yig‘ilishda Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil etilishini ma’lum qildi.

Hozirda “Hududiy elektr tarmoqlari”da 25 ming, “Hududgaz”da 16 ming xodim mehnat qilmoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, xodimlar ishini boshqarish raqamlashmagani sababli kun davomida kim nima bilan bandligini na elektr tarmog‘i, na gaz ta’minoti rahbari biladi.

Majlisda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat unumdorligi boshqa davlatlardan 1,5-2 barobar past, avariyalarni bartaraf etish muddati esa 3-4 barobar ko‘p.

Yangi markaz “ishlab chiqarish — uzatish — taqsimlash — yetkazish” zanjiri, ko‘mir, suyultirilgan gaz va mazut ta’minotini “stress-audit”dan o‘tkazadi. Shu asosda sohani rivojlantirishning bir nechta ssenariysi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, har bir xodimning kunlik ishini raqamli algoritm orqali boshqaradigan tizim yaratiladi. Elektr energiyasi va tabiiy gazni avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari — ASKUE va ASKUG ma’lumotlari sun’iy intellekt orqali tahlil qilinib, shubhali o‘zgarishlarni aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.

Tizimdagi 106 ming xodim uchun 10 ta asosiy KPI (samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari) belgilanadi. Unda avariyaviy va rejali o‘chishlar, yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar rezervi va ta’mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezon bo‘ladi.

Source: www.gazeta.uz