Toshkentda qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan 100 kilometrlik ikki qavatli pulli aylanma avtomobil yo‘lini qurish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 22-iyuldagi poytaxt avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va saqlash holatiga bag‘ishlangan qarorida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, xalqaro moliya institutlari va yirik yo‘l-qurilish kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida bir qator yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Poytaxt hokimligi Gazeta’ga aniqlik kiritishicha, gap qat’iy bitimlar haqida emas, balki imzolangan memorandumlar haqida bormoqda.
Jumladan, China Railway Construction kompaniyasi bilan birgalikda Toshkent atrofida 100 kilometrlik ikki qavatli pulli aylanma yo‘l qurish rejalashtirilmoqda. Loyihaning dastlabki qiymati 1 milliard dollarni tashkil etadi. Loyihaning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan.
Xitoyning SINO-Hunan kompaniyasi bilan ham qiymati 1 milliard dollarlik yana bir loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangan. Unda 7 ta tunnel va 5 ta yo‘lo‘tkazgich qurish, 16 ta ko‘chada 57 kilometrlik tezkor avtobus yo‘nalishlari (BRT) koridorlarini tashkil etish, shuningdek, 279 kilometrlik yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
China Construction kompaniyasi 3 ta yo‘lo‘tkazgich va 4 ta kemping hududini qurishga, shuningdek, 27 kilometrlik yo‘llarni kapital ta’mirlashga 500 million dollar sarmoya kiritishi mumkin. Shanghai Construction bilan esa 100 million dollar evaziga kemping markazi qurish va 7,7 kilometrlik yo‘llarni ta’mirlash muhokama qilinmoqda.
Bundan tashqari, Xinjiang Hui’er Agricultural kompaniyasi bilan landshaft dizayni loyihalari asosida yo‘l bo‘yi hududlarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan.
May oyida Toshkent shahar hokimligi China Railway Construction Corporation bilan uzunligi 100 kilometrga yaqin bo‘lgan pulli aylanma yo‘l qurilishini muhokama qilayotganini ma’lum qilgan edi. Tomonlar, shuningdek, poytaxt markazidan bo‘lajak “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti yo‘nalishida pulli magistral qurish loyihasini ham ko‘rib chiqishgan.
Hokim Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy korporatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvida shaharni kompleks renovatsiya qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda kompaniyaning ijtimoiy obyektlar va qurilish hamda maishiy chiqindilarni qayta ishlash poligoni qurilishidagi ehtimoliy ishtiroki muhokama qilingan edi.
Source: www.gazeta.uz