Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, poytaxt va uning tumanlari hokimliklari hamda biznes hamjamiyati vakillari hukumat delegatsiyasi tarkibida amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi.

Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekiston, xususan Toshkent shahri va Afg‘oniston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmini sezilarli darajada oshirish bo‘lgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika, avtomobilsozlik, kimyo hamda boshqa sanoat tarmoqlarida eksport hajmini kengaytirish, mazkur yo‘nalishlarga investitsiyalarni jalb etish ham ko‘zda tutilgan.

25-iyul kuni Toshkent delegatsiyasi Bomiyon va Hirot viloyatlarida o‘tkazilgan muzokaralarda ishtirok etgan. Uchrashuvlar davomida ushbu hududlarda savdo uylarini tashkil etish, shuningdek, Toshkent shahri bozorlarida narxlar barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida “o‘zaro manfaatli va istiqbolli kelishuvlar”ga erishildi, deya qo‘shimcha qildi hokimlik. Avvalroq Qobul shahrida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov hamda Afg‘onistonning transport va aviatsiya vaziri Muhammad Fozil Mazlum o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Ular O‘zbekiston va Afg‘oniston yuk tashuvchilardan undiriladigan yig‘imlarni qisqartirish va ularni o‘zaro tenglik tamoyili asosida belgilashni muhokama qilgan.

Source: www.gazeta.uz