Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

28-iyul kuni Antikorrupsiya agentligida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimlari va ularning o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgani ma’lum qilindi. Agentlik bo‘lim boshlig‘i Abduhamid Kamilovning so‘zlariga ko‘ra, 26-fevral kuni ushbu hokimlar yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.

Xizmat tekshiruvi natijasida hokimlarning xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani va lavozim majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagani aniqlangan. Odob-axloq komissiyasi tavsiyasiga asosan, viloyat hokimi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Nasriddinov, Qo‘shrabot tumani hokimi Shakarboyev va uning investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Haydarovga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Agentlikning 2026-yil mart oyidagi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tuman hokimliklari mansabdor shaxslari xizmat safarlariga nafaqat yaqin qarindoshlari, balki safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlarni ham yuborgan. Xususan, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. va hokimning o‘g‘li D.D. yuborilgan.

Shuningdek, Xitoyda “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish” bo‘yicha o‘quv kurslarida 32 nafar shaxsdan iborat delegatsiya tarkibida tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.Sh. va boshqa mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi Ch.H. asossiz ravishda kiritilgan. Ro‘yxatdagi N.X. va M.S. esa texnikum xodimlari sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, aslida ular u yerda ishlamagan.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi tomonidan 2025-yil 22-30-may kunlari Xitoyga investitsiya loyihalari bo‘yicha xizmat safari tashkil etilib, delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga aloqador bo‘lmagan xodim kiritilgan. “Kun.uz” nashri ma’lumotiga ko‘ra, tuman hokimi Jamshid Nasriddinovning o‘smir yoshdagi o‘g‘li ham Xitoy safarida suratga tushgan, ammo agentlik bu haqda bayonot bermagan.

Davlat rahbarining 2021-yil 16-iyundagi farmonida mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlari hokimliklari tomonidan ushbu ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilgani aniqlangan. Avvalroq, 2025-yilda Sankt Peterburgdagi bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatida amaldorlar o‘z farzandi, jiyani va yaqinlarini yuborgani aniqlanib, ulardan 28 mln so‘m undirilgan va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ishdan olingan edi.

Source: www.gazeta.uz