O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» operativ-profilaktik tadbirlari doirasida mamlakatga yirik miqdorda sintetik giyohvand moddalarni olib kirishga urinishning oldi olindi.
Toshkent xalqaro aeroportida Bangkok – Sharja – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha kelgan Qozog‘iston fuqarosining qo‘l yuki tekshirilgan. Tekshiruv davomida sakkizta shirinlik o‘rami va beshta plastik idishda jami 4,4 kg sintetik giyohvand modda – mefedron topilgan.
Keyinchalik giyohvand moddalarni qabul qiluvchi shaxs – Yangiyo‘lda yashovchi 20 yoshli yigit ushlangan. U giyohvand moddalarni onlayn-do‘kon administratorining ko‘rsatmasi bo‘yicha Toshkentdagi mehmonxonalardan birida olishi kerak bo‘lgan.
Shaxsiy tintuv vaqtida ushlangan yigitdan pnevmatik to‘pponcha ham topilib, belgilangan tartibda musodara qilingan.
Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Source: uznews.uz