Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda “Davr qahramoni” hujjatli filmining yopiq namoyishi bo‘lib o‘tdi. BWG Production va 7SABER kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan film siyosatchi, davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidovga bag‘ishlangan.

Mualliflar tomoshabinlarga uning hayoti va faoliyatiga qayta nazar tashlashni, tarixning muayyan davridagi yutuqlar bilan birga ziddiyatli jihatlarini ham ko‘rishni taklif etadi. Filmda Orol fojiasi, sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishi va “paxta ishi” haqida hikoya qilinadi.

Filmda tarixchilar, voqealar guvohlari va Sharof Rashidov oilasi a’zolari, jumladan, qizi Gulnora Rashidova va nabirasi Sevara Rashidova bilan o‘tkazilgan intervyulardan foydalanilgan.

Kadrlarda akademiklar Shuhrat Egamberdiyev va Sa’dulla Iskandarov, uchuvchi-kosmonavt, aviatsiya general-mayori Vladimir Janibekov, me’mor Sergo Sutyagin ishtirok etadi. Shuningdek, SSSR Ministrlar kengashi sobiq raisi Nikolay Rijkovning xotiralari ham o‘rin olgan.

Filmni ishlab chiqarishga olti yil vaqt ketgan. Tasvirga olish ishlari O‘zbekiston, Belarus va Rossiyada bo‘lib o‘tgan.

“Filmning bosh qahramoni Sharof Rashidov, ammo bu kino o‘z davri sharoitida bunyod etgan, yaratgan, xatolar qilgan, shu bilan birga ulkan natijalarga erishgan avlod haqida hamdir. Bu quvonch va dard ko‘pincha yonma-yon yurishi, inson taqdirini qanday osonlik bilan “kontekstdan uzib olish” va uni damnatio memoriae (“xotira la’nati” — tahr.)ga aylantirish mumkinligi haqidagi film”, — dedi ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Ruslan Saliyev.

Rejissyorning qo‘shimcha qilishicha, film akademik tadqiqot emas, balki tomoshabin uchun yaratilgan. Agar kartina auditoriyada tarixni yanada chuqurroq o‘rganishga qiziqish uyg‘otsa, demak, maqsadga erishilgan bo‘ladi.

Filmning bosh prodyuseri Sherzod Umarov, postanovkachi operatori Sarvar Sobirov, saund-prodyuseri esa Kamron To‘ychiyev bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, musiqiy bezakning asosiy vazifasi davr muhitini yetkazish bilan birga filmning zamonaviy ohangini saqlab qolishdan iborat bo‘lgan.

“Davr qahramoni” filmining premerasi 1-avgust kuni soat 18:00 da Zo‘r TV telekanalida bo‘lib o‘tadi. Kartina o‘zbek va rus tillarida bir vaqtning o‘zida efirga uzatiladi.

BWG Production kompaniyasi bunga qadar “Hamid va Zulfiya”, “O‘zbek raqsi afsonalari” filmlari, shuningdek, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari motivlari asosida suratga olingan 15 daqiqalik “Sadoqat” musiqiy qisqa metrajli filmni ham taqdim etgan.

Source: www.gazeta.uz