Toshkent shahar Yo‘l harakati tashkiloti markazi mutaxassislari Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasining “Tura Buva” masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida joylashgan 13 ta chorrahada svetoforlarning sinxron ishlashini hisoblab chiqdi va sozlab qo‘ydi. Bu haqda Yo‘l harakati tashkiloti markazi matbuot xizmati xabar berdi.
“Yashil to‘lqin” tizimi ertalabki soatlarda shahar markazi tomon, kechki paytda esa teskari yo‘nalishda ishlaydi.
Svetoforlarni sinxronlashtirish tufayli ushbu uchastkada harakatlanish vaqti sezilarli darajada qisqardi. Xususan, “Tura Buva” masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishda o‘rtacha sayohat vaqti 8,5 daqiqadan 6 daqiqaga, ya’ni 29 foizga qisqardi.
Teskari yo‘nalishda – Salom ko‘chasidan “Tura Buva” masjidigacha – sayohat vaqti 10 daqiqadan 8 daqiqaga, ya’ni 20 foizga kamaydi.
“Yashil to‘lqin” samarali ishlashi uchun haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga va belgilangan tezlik rejimiga rioya qilishlari muhim. Belgilangan uchastkada 40–60 km/soat tezlikda harakatlanishda ko‘pchilik chorrahalarni svetoforning qizil chirog‘ida deyarli to‘xtamasdan o‘tish mumkin”, deyiladi xabarda.
Hozirda Toshkentning “aqlli” svetoforlar bilan jihozlangan boshqa ko‘chalarida ham “Yashil to‘lqin” tizimini joriy etish bo‘yicha hisob-kitoblar va loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Source: uznews.uz