1 avgustdan O‘zbekistonda tadbirkorlar, soliq to‘lovchilar, fermerlar, avtomobil egalari, sudlar va davlat organlariga taalluqli qator qonuniy o‘zgarishlar kuchga kiradi. Eng muhim yangilik – barcha biznes tekshiruvlari endi “Yagona davlat nazorati” tizimida QR-kod orqali ro‘yxatga olinadi. “Biznes himoya” tizimi orqali tekshiruvchi kelganini qayd etmasa, tadbirkor uni korxonaga kiritmaslikka haqli.
Soliq organlarida mijozga yo‘naltirilganlik indeksi ishga tushadi. Soliq to‘lovchilar xizmat sifatini baholay oladi. Shuningdek, soliq xodimlari har uch yilda kamida bir marta malaka oshirishlari shart.
Suv tejovchi texnologiyalardan foydalanadigan sanoat bog‘lari uchun qazilgan quduqlardan suv ishlatish solig‘i 5 yil muddatga 1 so‘m etib belgilandi. 21 avgustdan esa qarz (moliyaviy yordam) va ombor saqlash shartnomalarini soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy bo‘ladi.
Yosh fermerlar uchun qulaylik: yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklarining buxgalteriyasini ikki yil davomida tuman fermerlar kengashlari qoshidagi hisob va hisobot markazlari bepul yuritadi.
Transport sohasida: suyultirilgan gaz birja savdosi tartibi o‘zgaradi. Avtogaz to‘ldirish shoxobchalari faqat litsenziya bilan gaz xarid qilishi mumkin. 2027 yil 1 yanvardan esa xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sertifikatsiz ishlovchi ATSH lar faoliyati to‘xtatiladi.
Jarima maydonchalaridan avtomobillarni qaytarish raqamlashtiriladi: ruxsatnoma “Jarima zonasi” axborot tizimi orqali QR-kod bilan tasdiqlanadi. Fitosanitar nazorat esa E-Fitouz platformasi orqali avtomatlashtirilgan risklarni boshqarish tizimiga o‘tadi.
Baliqchilik xo‘jaliklari uchun 2026 yil 1 avgustdan 2030 yil 31 avgustgacha imtiyozlar va subsidiyalar paketi amal qiladi. Davlat quyosh panellari uchun kredit foizlarining bir qismini va o‘rnatish xarajatlarining 25 foizini qoplaydi. Shuningdek, aeratorlar, import ona podasi, yopiq suv ta’minoti texnologiyalari uchun subsidiyalar beriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolari bo‘yicha ixtisoslashtirish joriy etiladi. Yangi arizalar avtomatik ravishda mehnat ishlariga ixtisoslashgan sudyalarga taqsimlanadi.
2026 yil 1 avgustdan 2028 yil 1 yanvargacha noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi hayvonlarni ovlashga vaqtinchalik moratoriy joriy etiladi.
Ekologiya: Toshkent va uning atrofidagi tumanlarda issiqxona xo‘jaliklariga talablar kuchaytiriladi. Tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatiladi, suv uchun to‘lov 5 barobar oshiriladi, ifloslantiruvchi yoqilg‘i ishlatadigan issiqxonalar uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 barobar ko‘paytiriladi.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi buzilishlari haqida fuqarolar foto/video dalillar bilan xabar berishi mumkin. Tasdiqlangan taqdirda, undirilgan jarima summasining 20 foizi arizachiga beriladi.
Milliy arxiv fondi hujjatlarini ro‘yxatga olish, ish ro‘yxatlarini rasmiylashtirish, arxiv hujjatlarini berish va davlat organlarining ish nomenklaturasini shakllantirish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.
“Toza havo” milliy loyihasi doirasida eski avtomobilini trade-in dasturi bo‘yicha topshirgan fuqarolarga yangi transport sotib olish uchun avtokredit foiz stavkasining bir qismi kompensatsiya qilinadi.
Source: podrobno.uz