Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Dubay xalqaro aeroportida ishlash uchun 80 ta vakansiya ochilganini ma’lum qildi. Vakansiyalar biznes va birinchi toifa yo‘lovchilari uchun mo‘ljallangan maxsus kutish zallarida xizmat ko‘rsatishga oid.

Ishga 20–30 yoshli, ingliz tilini kamida B2 darajasida biladigan erkaklar va ayollar taklif etilmoqda. Nomzodlar mehmonxona va restoran xizmati sohasida mutaxassislikka ega bo‘lishi, oziq-ovqat va ichimliklar xizmati yo‘nalishida kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi, shuningdek, spirtli, spirtsiz, issiq va sovuq ichimliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.

Ingliz tili bo‘yicha IELTS, TOEFL yoki boshqa xalqaro sertifikatga ega nomzodlarga ustunlik beriladi. Ish vaqti kuniga 8 soatdan iborat, mehnat shartnomasi ikki yilga tuziladi.

Maosh oyiga 8226 dirham (2250 AQSh dollari) etib belgilangan bo‘lib, daromad solig‘i ushlab qolinmaydi. Ish beruvchi ishchi vizasini rasmiylashtirish, O‘zbekistondan BAAga aviachipta, aeroportdan ish joyigacha transfer, ishlash uchun ruxsatnoma, tibbiy sug‘urta, turar joy, ovqatlanish va ish joyiga transport xarajatlarini qoplaydi.

Arizalar 13-avgustga qadar qabul qilinadi. Hujjatlar ish beruvchi tomonidan 3–7 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Saralashdan o‘tgan nomzodlar 20–25-avgust kunlari onlayn suhbat bosqichiga taklif etiladi.

Source: www.gazeta.uz