Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, so‘nggi oylarda inflyatsiyaning pasayish sur’atlari sekinlashdi. Narxlarga ayrim taklif omillari va tashqi iqtisodiy sharoitlar ta’sir ko‘rsatmoqda. Ichki talab yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda.
«Markaziy bank boshqaruvi yuqori ichki talab, energiya resurslari tariflarining o‘zgarishi ikkinchi darajali ta’siri va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqlik sharoitida inflyatsiyani 5% maqsadiga erishish uchun qattiq pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarur deb hisoblandi», deyiladi xabarda.
Iyun oyida umumiy inflyatsiya tezlashib, yillik hisobda 6,4% ni tashkil etdi. Inflyatsiyaning tezlashishi asosan energiya resurslariga tartibga solinadigan tariflarning oshirilishi, shuningdek, ko‘mir narxlarining liberallashtirilishi bilan izohlanadi. Bazaviy inflyatsiya 5,7% ni tashkil etdi va so‘nggi oylarda deyarli o‘zgarmadi.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutishlari pasaydi. Iyun oyida aholining kutishlari 10,1%, tadbirkorlarniki esa 9,9% ni tashkil etdi. Narxlari 5% dan ortiq oshgan tovar va xizmatlar ulushining ko‘payishi, shuningdek, bazaviy inflyatsiyaning pasayishi to‘xtashi iqtisodiyotda inflyatsion bosimning saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy faollik yuqoriligicha qolmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot real ifodada 8,5% ga o‘sdi. Chakana savdo va xizmatlar hajmining yuqori o‘sish sur’atlari iste’mol faolligini, investitsiyalar dinamikasi esa yuqori investitsion talabni aks ettiradi.
«Mamlakatga jalb qilinadigan investitsiyalar, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror o‘sishi, shuningdek, ikkinchi yarmida kutilayotgan fiskal xarajatlar iqtisodiy faollik va ichki talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kutilmoqda. 2026 yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish taxminan 7,5–8% atrofida prognoz qilinmoqda», dedi Markaziy bank.
Global iqtisodiyotda geosiyosiy keskinlik kuchayishi fonida jahon bozorida oziq-ovqat va xomashyo narxlarining oshishi xavfi saqlanmoqda. Bundan tashqari, savdo hamkor mamlakatlarda yoqilg‘i ta’minotidagi uzilishlar, logistika va transport xarajatlarining o‘sishi import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
Shu bilan birga, global inflyatsiyaning pasayish jarayonining vaqtincha to‘xtashi va bir qator mamlakatlarda pul-kredit siyosatining qattiqlashishi tashqi moliyaviy sharoitlarning kutilganidan uzoqroq saqlanishi ehtimolini oshiradi. Bu esa o‘z navbatida tashqi moliyalashtirish shartlariga nisbatan noaniqlikni saqlab qoladi.
Hozirgi vaqtda qattiq pul-kredit sharoitlari shakllangan. Ijobiy real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga moyilligini qo‘llab-quvvatlaydi va kreditlashning mo‘tadil sur’atlariga hissa qo‘shadi.
Ta’kidlanishicha, yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish inflyatsiyani maqsadli darajaga barqaror pasaytirish va inflyatsion kutishlarni ushlab turish imkonini beradi.
Source: uznews.uz