O‘zbekistonning eng yirik neft-gaz kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” tizimida UNG Burg‘ilash nomli yangi milliy burg‘ilash kompaniyasi tashkil etildi. Bu haqda korxona matbuot xizmati xabar berdi.
Korxonalar reyestriga ko‘ra, kompaniya 25-iyun kuni 10 milliard so‘m ustav fondi bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Yangi tuzilmaning asosiy vazifasi Ustyurt tekisligi va O‘zbekistonning boshqa istiqbolli hududlarida neft hamda gaz quduqlarini burg‘ilashdan iborat bo‘ladi.
Kompaniya uglevodorodlarning yangi zaxiralarini qidirish, ularni o‘zlashtirish va qazib olish barqarorligini ta’minlashda ishtirok etishi kerak. “O‘zbekneftgaz” ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyani ochishda chuqur burg‘ilashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish va ushbu sohada mutaxassislarning milliy maktabini shakllantirish ham maqsad qilingan.
UNG Burg‘ilash 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishi kutilmoqda. Kompaniya uchun ZJ-70 va ZJ-90 modelli 21 ta zamonaviy burg‘ilash qurilmasi xarid qilinmoqda. Uskunalar raqamli boshqaruv tizimlari bilan jihozlanadi va 9 ming metrgacha bo‘lgan chuqurlikda ishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qurilmalarni O‘zbekistonga yetkazib berish oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, uskunalar murakkab geologik sharoitlarda, jumladan, yuqori bosim va harorat ko‘rsatkichlarida foydalanishga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, quduqlarni sementlash uchun yuqori bosimli komplekslar, azot va kompressor qurilmalari, quduqlarni sinash va o‘zlashtirish uchun uskunalar, ixtisoslashtirilgan transport va boshqa texnikalar bosqichma-bosqich xarid qilinadi. Bu burg‘ilash ishlarini to‘liq texnologik siklda tashkil etish imkonini berishi kerak.
Kompaniya, shuningdek, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan muhandislar va malakali mutaxassislarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Kadrlarni tanlashda kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar va xorijiy tillarni bilish darajasi hisobga olinadi.
UNG Burg‘ilash burg‘ilash qorishmalarini tayyorlash, sementlash, karotaj, burg‘ilash dolotalarini yetkazib berish va ekspluatatsiya qilish, shuningdek, quduqlarni sinash sohasida xorijiy servis kompaniyalari bilan hamkorlik qilish niyatida.
“O‘zbekneftgaz” yangi texnologiyalarni qo‘llash quduqlarni qurish sifatini oshirish, texnologik xavflarni kamaytirish va burg‘ilash muddatlarini qisqartirishga xizmat qilishiga umid qilmoqda.
Kelajakda kompaniya nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni va boshqa davlatlar bozorlarida ham burg‘ilash va servis xizmatlarini ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 25,2 milliard kubometr gaz qazib oldi, bu prognozlardan past. 2026−2027-yillarga qazib olish hajmining barqarorligini ta’minlash, shuningdek, gaz zaxiralarini ko‘paytirish va uni qayta ishlash ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz