Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi 27-28-iyul kunlari Mayami shahrida bo‘lib o‘tgan WR Chess Rapid & Blitz Miami 2026 musobaqasida AQSh jamoasiga 14:10 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikki kunlik bahsda o‘zbekistonlik grossmeysterlar, xususan Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov, yuqori natija ko‘rsatgan bo‘lsa-da, umumiy hisobda amerikalik raqiblar ustun keldi.

Musobaqa Sheveningen tizimi bo‘yicha o‘tkazildi. Har bir turda har ikki jamoadan to‘rt nafardan shaxmatchi o‘ynadi, bitta ishtirokchi esa dam oldi. Jamoaviy turdagi g‘alaba ikki ochko, durang esa bir ochko keltirdi va alohida partiyalar natijalari hisobga olinmadi. Uchrashuv oldidan AQSh jamoasi favorit hisoblangan va ishtirokchilarning o‘rtacha reytingi bo‘yicha O‘zbekistondan sezilarli ustun edi: amerikaliklarning o‘rtacha reytingi 2761, o‘zbekistonliklarniki esa 2699 bandni tashkil etgan (farq 62 band).

Eng yaxshi shaxsiy natijani Javohir Sindarov qayd etdi. U 12 partiyada 7,5 ochko jamg‘ardi. Ayniqsa, u Xikaru Nakamurani rapid va blitsda mag‘lub etib, o‘zining yuqori tayyorgarligini namoyish qildi. Rapid partiyasida Sindarov oq donalarda 22 yurishda g‘alaba qozondi va Chess.com ma’lumotlariga ko‘ra, uning o‘yin aniqligi 99,7 foizni tashkil qildi. “Bu partiya men uchun juda oson kechdi, chunki debyutga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandim. O‘ylashimcha, u hammasini biladi, ammo aynan shu variantni unutib qo‘ygan”, — dedi Sindarov.

Nodirbek Abdusattorov ham 12 partiyada 7,5 ochko to‘pladi. Rapid bahslarida u to‘rt partiyadan uch ochko jamg‘arib, birinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Abdusattorov Lener Dominges, Uesli So, Xikaru Nakamura va Fabiano Karuanani mag‘lub etdi. Bahs yakunida u o‘zbekistonlik shaxmatchilarning do‘stligi va jamoaviy muhitini ta’kidladi: “Bizni boshqa jamoalardan ajratib turadigan jihat — do‘stligimiz va juda yaxshi jamoaviy muhitimiz. Biz bolaligimizdan birga o‘ynab kelamiz”.

Nodirbek Yakubboyev to‘qqiz partiyada 4,5 ochko jamg‘ardi va blitsda Levon Aronyan hamda Fabiano Karuana ustidan muhim g‘alabalarga erishdi. Shamsiddin Vohidov yetti partiyada ikki ochko, Muhiddin Madaminov esa sakkiz partiyada 1,5 ochko to‘pladi.

Musobaqaning birinchi kuni rapid bahslarida AQSh 5:3 hisobida oldinda borayotgan edi. Blits bahslari boshlanishida Abdusattorov Nakamurani mag‘lub etib, hisobni 5:5 ga tenglashtirdi. Keyin AQSh ketma-ket ikki turda g‘alaba qozondi, ammo o‘zbekistonliklar 3:1 hisobidagi ikki g‘alaba bilan javob qaytarib, hisobni yana 9:9 ga tenglashtirdi. Blitsning oltinchi va yettinchi turlari hal qiluvchi bo‘ldi: avval amerikaliklar 2,5:1,5 hisobida ustun keldi, so‘ng 3,5:0,5 hisobida g‘alaba qozonib, umumiy hisobni 13:9 ga yetkazdi. So‘nggi tur 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Yakunda AQSh blitsda 9:7, umumiy bahsda 14:10 hisobida g‘alaba qozondi. Alohida partiyalardagi ochkolar yig‘indisi bo‘yicha amerikaliklar blitsda 25:23, rapidda 8,5:7,5 hisobida ustun keldi.

AQSh grossmeysteri Uesli So o‘zbekistonlik shaxmatchilarning o‘yiniga yuqori baho berdi: “O‘zbekiston terma jamoasi juda jiddiy raqib. Ular yil sayin rivojlanib bormoqda. Sindarovning iste’dodi ham, salohiyati ham cheksiz. Xuddi shu gapni Nodirbek — birinchi Nodirbek haqida ham aytish mumkin”.

Mayamidagi musobaqa sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tadigan Jahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik bosqichlaridan biri sifatida baholandi. O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibi to‘liq ishtirok etdi.

Source: www.gazeta.uz