Andijon viloyatida sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi natijasida besh kishi jabr ko‘rgan. Ayol haydovchi Nexia-3 boshqaruvida bo‘lib, Andijon-Asaka yo‘lining tartibga solinadigan chorrahasida Damas avtomobili bilan to‘qnashgan.
Hodisa 4 may kuni yuz bergan. Sud materiallariga ko‘ra, ayol haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzgan va chorrahani kesib o‘tayotgan Damasga yo‘l bermagan. Natijada Damasdagi besh yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bir jabrlanuvchi og‘ir, biri o‘rtacha og‘irlikdagi, ikki kishi yengil jarohat olgan, yana bir yo‘lovchi esa sog‘lig‘ining qisqa muddatli buzilishisiz yengil jarohat bilan qutulgan.
Damas avtomobiliga yetkazilgan zarar 17,49 million so‘mni, Nexia-3 ga esa 17,19 million so‘mni tashkil etgan.
Sudda ayblanuvchi ayol o‘z aybini tan olmagan va chorrahaga ruxsat beruvchi svetofor signalida kirganini, voqea uchun Damas haydovchisini aybdor deb bilganini aytgan. Biroq sud kamera yozuvlari, ekspertiza xulosalari va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarini o‘rganib, aynan Nexia haydovchisi qoidalarni buzgan degan xulosaga kelgan.
Sud ayolni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazish) bo‘yicha aybdor deb topib, 1 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan. Shu bilan birga, sud uning ilgari sudlanmaganligi, ayol ekanligi, haydovchilik instruktori bo‘lib ishlashi va avtomobil boshqarish uning daromad manbai ekanligini hisobga olib, haydovchilik huquqidan mahrum qilmagan.
Bundan tashqari, sud mahkumadan Damas egasiga 17,49 million so‘m moddiy zararni undirishga qaror qilgan. Jabrlanuvchilarga qolgan moddiy va ma’naviy zararni fuqarolik sudlov tartibida talab qilish huquqi tushuntirilgan.
Source: podrobno.uz