1-avgustdan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat boshlaydi. Ular Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida ish olib boradi.
Transport vositalarini jarima maydonchalaridan olib chiqish tartibi raqamlashtiriladi. Ruxsatnoma faqat elektron shaklda, QR kod bilan tasdiqlanib yuboriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2-iyuldagi qarorida belgilangan.
2026-yil 1-avgustdan 2028-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlanadi. Ovchilar uchun muqobil mashg‘ulot sifatida o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan mashq poligonlarida mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalari buzilishi haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi. Foto va videomateriallar orqali xabar berganlarga undirilgan jarimaning bir qismi to‘lab beriladi.
5-avgustdan chiqindilar, shinalar, rezina va boshqa yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni yoqish uchun jarimalar joriy etiladi. Jismoniy shaxslarga 10,3 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 20,6 mln so‘mgacha jarima solinishi mumkin.
“Trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Bu “Toza havo” loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Davlat arxivlari funksiyalari to‘liq raqamlashtiriladi. Tashabbusli budjet jarayonida deputatlar tomonidan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Banklardan 500 AQSh dollarigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz olish mumkin bo‘ladi.
Baliqchilik xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Quyosh panellari, aeratorlar va naslli ona baliq importi xarajatlarining bir qismi qoplanadi.
Toshkent shahri va ayrim tumanlarda faoliyat yuritayotgan issiqxonalarga tabiiy gaz ta’minoti to‘xtatiladi. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tarifning 5 baravari miqdorida undiriladi.
1-avgustdan Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi Izmir–Toshkent–Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni boshlaydi. 10-avgustdan BAAning Etihad Airways aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshiradi.
Source: www.gazeta.uz