Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Avvalroq Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari chog‘ida kanalizatsiya quvuri shikastlanib, oqava suvlar Salar kanaliga tushayotgani haqida xabar berilgan edi.

Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari vaziyatni o‘rganib chiqdi. Tekshiruv davomida «B.B.» MChJ ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishi vaqtida shahar kanalizatsiya tarmog‘ining bir qismi shikastlangani va quvur yorilgani aniqlandi.

Kanalizatsiya chiqindilari hech qanday tozalashsiz maxsus nasoslar yordamida Yakkasaroy tumani hududidan oqib o‘tuvchi Salar kanaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlangan.

Laboratoriya tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, Salar kanaliga ruxsatsiz ravishda qariyb 64 ming kub metr suyuq chiqindi tashlangan. Shu sababli quruvchi kompaniya 2,16 mlrd so‘m miqdorida tovon to‘lashga majbur qilindi.

Bundan tashqari, kanalizatsiya quvurining shikastlanishi tufayli suyuq chiqindilar tuproqni ifloslantirgan. Tadqiqot natijalari neft mahsulotlari miqdori ruxsat etilgan me’yordan o‘rtacha 5,2 barobarga oshganini ko‘rsatdi. Ushbu qoidabuzarlik uchun qo‘shimcha ravishda 60 mln so‘m atrofida tovon to‘lash majburiyati yuklatildi.

Shunday qilib, quruvchi kompaniya tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan umumiy tovon miqdori 2,22 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Source: uznews.uz