Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27-iyul kuni imzolagan qarorida poytaxt infratuzilmasi, turizm, ekologiya va jamoat maskanlarini rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar nazarda tutilgan.
Sayyohlar oqimini oshirish maqsadida shaharning to‘rtta kirish qismida — Rohat, Bektemir, Erkin va Uch qahramon ramziy darvozalari barpo etiladi. Avvalroq, 2024-yil kuzida xalqaro tanlov e’lon qilingan, biroq natijalar va’da qilingan muddatda e’lon qilinmagan edi.
Yunusobod tumanidagi Sayilgoh hududidagi barcha bino va inshootlar “dizayn kod” asosida ta’mirlanadi. Madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda qurilish ishlari Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
“Chorsu” bozori va “Eski Juva” majmuasini kompleks rekonstruksiya qilish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Unda bozorning tarixiy qiyofasi, gumbazlari va mozaika pannolari to‘liq saqlanib, restavratsiya ishlarida zarar yetkazilishining oldini olish belgilangan.
2030-yilgacha poytaxtda gastronomik, turistik, soyali sayr va tunu kun faoliyat yuritadigan ko‘chalarni tashkil etish uchun 1 trillion so‘m mablag‘ bosqichma-bosqich Toshkent shahar hokimligiga ajratiladi.
Ekologik infratuzilmani rivojlantirish doirasida yopiq drenaj tizimlari va kollektorlarni ta’mirlash, yangi kanallar qurish hamda yomg‘ir suvini yig‘ib, daraxtlar va yashil hududlarni sug‘orishda foydalanishga mo‘ljallangan inshootlar barpo etiladi.
Shayxontohur tumanidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida noyob tut daraxtlarini saqlab qolgan holda ekobog‘, sayilgoh, tematik va ko‘p funksiyali ko‘ngilochar maskanlar tashkil etiladi. Keyinchalik ayrim obyektlar tayyor biznes shaklida elektron auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Poytaxt ekologiyasini yaxshilash maqsadida 310 gektar yer maydoni Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligiga ajratiladi. Ushbu hududlarda “yashil belbog‘” va “yashil bog‘”lar barpo etilib, yerlarni xususiylashtirish, daraxtlarni ko‘chirish yoki qurilish ishlari olib borish taqiqlanadi.
Chilonzor tumanidagi sobiq Respublika onkologiya markazi o‘rnida “Yoshlar shaharchasi” tashkil etiladi. Bu yerda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar dual ta’lim asosida o‘qitiladi, yuqori texnologiyalar va xizmat ko‘rsatish zonalari, kutubxona, simulyatsiya ustaxonalari, biznes ofislari, startap studiyasi hamda “Yoshlar bog‘i” barpo etiladi.
Avtobus bekatlari, metro stansiyalari, vokzal va aeroportlarda sayyohlar uchun shahar yo‘nalishlari va diqqatga sazovor maskanlar aks ettiriladigan, mobil telefonga bepul yuklab olish mumkin bo‘lgan onlayn xarita platformasi ishlab chiqilib, xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan integratsiya qilinadi.
Source: www.gazeta.uz