Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumanida yashovchi 86 yoshli ayolning kvartirasi 2025-yil 25-sentabrda notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda keksa ayolning ijtimoiy xodim tomonidan kvartirada qamalib, ovqat va suvsiz qoldirilgani haqidagi shikoyatidan keyin aniqlangan.
Videoda ayol ko‘z yoshlari bilan ijtimoiy xodim uni uyda qulflab, suvsiz qoldirganini aytgan. Tuman hokimligi dastlab ayolning yolg‘iz keksalar reestrida ekani, pensiya va moddiy yordam olishi, “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida uyda xizmat ko‘rsatilishi, kalit esa xavfsizlik maqsadida ijtimoiy xodimda saqlanishini ma’lum qilgan edi.
Mirzo-Ulug‘bek tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergov oldi tekshiruvi natijasida kvartira boshqa shaxsga o‘tkazilgani aniqlanib, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘ta katta miqdordagi firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov davomida ayolning bitim tuzish vaqtida o‘z harakatlarining mohiyatini to‘liq anglab yeta olganligi va ularni nazorat qila olganligi, shuningdek, u firibgarlik qurboni bo‘lganligi aniqlanishi kerak.
Source: podrobno.uz