O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki davlat fuqarolarini chegarani kesib o‘tganidan keyin 15 kun davomida majburiy ro‘yxatdan o‘tish talabidan ozod qilishga kelishib oldi. Bu haqda Gazeta’ga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli protokol 30-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolangan. Hujjat 2006-yilda tuzilgan fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitimni to‘ldiradi.
“Protokol O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining o‘zaro safarlari tartibini yanada liberallashtirishga qaratilgan. Bu boshqa davlat hududida bo‘lish qoidalarini soddalashtirish orqali amalga oshiriladi”, — dedi TIV vakili.
Hujjat O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini davlat chegarasini kesib o‘tgan vaqtdan boshlab 15 sutka davomida qabul qiluvchi mamlakatning vakolatli organlarida vaqtinchalik yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod qilishni nazarda tutadi.
Omonulla Fayziyev ta’kidlaganidek, mazkur protokol fuqarolarning erkin harakatlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish, chegaraoldi hamkorligini, turizm, savdo va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Ayni paytda Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga kirganidan so‘ng 5 kun ichida shaxsan ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Yangi tartib tomonlar ichki davlat tartib-taomillarini to‘liq bajarganidan keyin kuchga kiradi.
Avvalroq, 30-iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yangi kelishuvlar chegaraga oid barcha masalalarni to‘liq hal etish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 tagacha oshirish imkonini berishini ma’lum qilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilayotgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini “asr qurilishi” deb atab, u “geosiyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartiradi”, deya ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston kuchli Qirg‘izistondan manfaatdor ekanini va qo‘shni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha prezidentlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Tomonlar, shuningdek, energetika, savdo va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Source: www.gazeta.uz