Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishini “asr qurilishi” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha mintaqa geosiyosiy holatini tubdan o‘zgartirishga qodir.

Tor doiradagi muzokaralarda tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlarini muhokama qilgan. Prezident Mirziyoyevning ta’kidlashicha, avval 2 milliard dollar haqida gapirilgan bo‘lsa-da, Qirg‘iziston rahbari bu ko‘rsatkichni kam deb hisoblagan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024-yilga nisbatan 37 foizga oshib, 1,2 milliard dollarga yetgan. Joriy yilning birinchi yarmida esa savdo hajmi 624,6 million dollarni tashkil etib, o‘sish 45 foizni tashkil qilgan.

Shavkat Mirziyoyev eslatishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi ilgari 60-100 million dollardan oshmagan. “Men sizga ‘jok’ degan so‘zni juda ko‘p eshitishimni aytgan edim. Hozir esa bu so‘z unutildi, uning o‘rniga ‘bor’ degan so‘z paydo bo‘ldi — bor, qilish mumkin. Bu sizning siyosiy irodangiz”, — dedi u.

Qisqa vaqt ichida qo‘shma korxonalar soni 450 taga yetgan. Sanoat kooperatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini davom ettirmoqda.

O‘zbekiston rahbari Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lini eng muhim qo‘shma loyihalardan biri deb atadi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov qurilish maydoniga borib, suratlarni ko‘rsatgan. “Rostini aytsam, bu — asr qurilishi, bu haqiqatan ham asr qurilishi. Bu temiryo‘l geosiyosatni butunlay o‘zgartiradi”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi bir yilda mamlakatlar temiryo‘l loyihasi hamda Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishganini ta’kidladi. U, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va madaniy almashinuvlar rivojlanayotganiga e’tibor qaratdi.

Prezident Sadir Japarov ushbu uchrashuvda Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara masalalarini to‘liq hal etadigan hamda o‘zaro o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 tagacha oshiradigan hujjatlarni imzolashini bildirdi. Shuningdek, Andijonda Qirg‘izistonning bosh konsulxonasini ochish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Avvalroq prezidentlar energetika, savdo va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan edi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Shuningdek, mamlakatlar delegatsiyalari ikki tomonlama qator hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma va Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi bitim bilan almashdi.

2024-yil 27-dekabr kuni Jalolobodda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishiga start berdi. “Kirgiz temir jolu” davlat korxonasi bosh direktori Azamat Sakiyev temiryo‘l qurilishi taxminan 6 yil davom etishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Xitoyni Markaziy Osiyo davlatlari bilan bog‘laydigan temiryo‘l tarmog‘ini qurish loyihasi qariyb 25 yildan beri muhokama qilinadi. Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga, so‘ngra Turkmaniston, Eron va Turkiyaga yo‘nalishning bir nechta variantlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar temiryo‘lning kengligi, shuningdek, borish qiyin bo‘lgan baland tog‘li hududlardan o‘tadigan magistralning qurilish qiymati va uning yo‘nalishi haqida kelishib ololmaydi. Bu Rossiya va Qozog‘istonga qaramlikni kamaytirishi kutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, xalqaro transport yo‘lagi qurilishi “Qashqar — Torugart — Makmal — Jalolobod — Andijon” yo‘nalishining kombinatsiyalangan varianti bo‘yicha amalga oshiriladi. Temiryo‘lning umumiy uzunligi 532,53 km bo‘lib, shundan taxminan 312 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tadi.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Xitoy qo‘shma korxonada 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa 24,5 foizdan ulush oladi. Loyiha qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. O‘z mablag‘larining yarmini qo‘shma korxonadagi ulushlarga muvofiq ishtirokchi mamlakatlar taqdim etadi: 1,18 milliard dollar Xitoy, qariyb 700 million dollar Qirg‘iziston tomonidan ajratiladi.

Qambarota GES-1 Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Norin daryosida joylashgan eng yirik energetik loyiha. GES qurilishi O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokidagi mintaqaviy loyiha sifatida ko‘rilmoqda. Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, unda Qirg‘iziston ulushi 34 foiz, Qozog‘istonniki 33 foiz va O‘zbekistonniki 33 foiz bo‘ladi. Qurilishning umumiy qiymati 5-6 milliard dollar deb baholangan.

Bo‘lajak GESning quvvati 1860 MVtni tashkil qiladi. GESning suv ombori hajmi 5,4 milliard kub metr, to‘g‘on balandligi 256 metr. Stansiya yiliga o‘rtacha 5,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. GESning qurilishi 10 yil davom etishi kutilmoqda. O‘zbekiston sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qambarota GES-1 loyihasining qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 4,2 milliard dollarni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Birinchi gidroagregat asosiy qurilish bosqichi boshlanganidan to‘rt yildan so‘ng foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Loyiha amalga oshirilgach, Qambarota GES-1 aksiyalari va aktivlari to‘liq Qirg‘iziston mulkiga aylanadi. Tomonlarning ulushlari o‘zgarishsiz qoladi, ularni birlashtirish, boshqaga o‘tkazish va sotish taqiqlanadi.

Source: www.gazeta.uz