Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubi chuqur moliyaviy inqirozga uchradi va Professional futbol ligasiga xat yo‘llab, 2 avgust kuni Navoiy viloyatida “Qizilqum”ga qarshi Superliga 15-tur uchrashuviga bora olmasligini ma’lum qildi.
Qarorga sabab – jamoa delegatsiyasining yo‘l chiptalarini sotib olish, mehmonxonada yashash va ovqatlanish uchun mablag‘ning to‘liq yo‘qligi. Turnir reglamentiga ko‘ra, klubga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Agar vaziyat takrorlansa, liga ijroiya qo‘mitasi “Bunyodkor”ni Superliga ishtirokidan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqadi.
Klub bosh direktori Murod Aliyev jamoaning og‘ir ahvolini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi chorakda “Bunyodkor” 10 milliard so‘m olgan, shuningdek, ijara va shartnomalardan 11 milliard so‘m ishlab topgan, ammo bu mablag‘lar barcha xarajatlarni qoplashga yetmagan.
Futbolchilar va klub xodimlari 6-7 oydan beri maosh olmayapti. Vaziyatni braziliyalik futbolchi Rivaldoga 3 yillik qarz yanada og‘irlashtirmoqda, bu klubga yiliga 26 milliard so‘mga tushmoqda. Rahbariyat vaziyatdan chiqish yo‘lini izlab, prezidentga murojaat qilmoqchi. Joriy mavsumning 14 turidan so‘ng “Bunyodkor” 19 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘rinda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bunyodkor” muxlislari o‘yin vaqtida “Aliyev Out” yozuvi tushirilgan banner ko‘tarib, bosh direktor Murod Aliyevning ketishini talab qilgan edi. Bu aksiya bir necha yildan beri davom etayotgan moliyaviy va tashkiliy muammolarning natijasi edi.
Source: podrobno.uz