Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan obyektlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishning yangi mexanizmlarini nazarda tutadi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab Toshkent hokimiga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi hamda Savdo-sanoat palatasi reestriga kiritilgan kichik biznes subyektlariga nisbatan alohida qarorlar qabul qilish huquqi beriladi.

Bunday tadbirkorlarga davlatga tegishli bo‘sh turgan binolar va inshootlar 10 yilgacha muddatga bepul foydalanishga berilishi mumkin. Buning asosiy sharti – obyektlarni ta’mirlash va jihozlash tadbirkor hisobidan amalga oshirilishi.

Shuningdek, tadbirkorlar 1,5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida loyihalarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Qurilish tugallanib, obyekt davlatga topshirilgach, yer uchastkasi ularga 15 yilgacha muddatga bepul foydalanishga berilishi mumkin.

Hujjatda ta’kidlanishicha, yangi chora-tadbirlar foydalanilmayotgan davlat mulkini iqtisodiy aylanmaga jalb qilish, kichik biznesni rivojlantirish hamda poytaxtda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan.

Source: uznews.uz