O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 1-2 avgust kunlari respublika hududining katta qismida issiq ob-havo saqlanib turadi. Faqat shimoli-g‘arbiy hududlarda harorat pasayishi kutilmoqda.
Juma kuni, 1-avgustda, O‘zbekiston bo‘ylab kunduzgi havo harorati +38…+41 daraja atrofida bo‘ladi. Shimolda, janubda va cho‘l hududlarida esa termometrlar +42…+43 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Sinoptiklarning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich iyul oyi oxiri va avgust boshi uchun iqlimiy me’yordan 2-4 darajaga yuqori. Bu esa aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shanba va yakshanba kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Biroq ayrim joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ba’zi hududlarda chang to‘zonlari kuzatilishi mumkin.
Keyingi haftada esa haroratning pasayishi O‘zbekistonning barcha hududlarida kuzatiladi. Bu esa jazirama issiqdan so‘ng biroz yengillik olib keladi.
Toshkent shahrida havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. 31-iyuldan 2-avgustgacha kunduzgi harorat +37…+40 daraja, kechasi esa +23…+26 daraja atrofida bo‘ladi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.
Source: www.gazeta.uz