Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida yashab kelayotgan o‘zbekistonlik mehnat migranti ayol Rossiya bayrog‘i tasvirlangan gilamchadan foydalangani uchun hibsga olingan va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Hodisa Nijegorod viloyati politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida aniqlangan. Ayolning xonadonida Rossiya trikolori tushirilgan gilamcha topilgan va bu holat “Davlat bayrog‘ini tahqirlash” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lgan.

Migratsiya agentligi ayolning O‘zbekistonga qaytishi uchun Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan aviachipta rasmiylashtirilganini ma’lum qildi. Uning 6-avgust kuni Toshkentga yetib kelishi rejalashtirilgan.

Ayolning o‘zi videomurojaatida Migratsiya agentligi va prezidentga minnatdorchilik bildirgan: “Migratsiya agentligiga rahmat mingdan ming, prezidentimizga rahmat. Men Nijniy Novgorodga kelib qiynalgan edim, menga bilet olib berishdi. Alloh rozi bo‘lsin shunaqa ishlayotgan insonlarimizdan. Biletim qo‘limda”.

Migratsiya agentligi, shuningdek, O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsulxonasi va Rossiyaning vakolatli organlari bilan birgalikda hodisaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritilayotganini qo‘shimcha qilgan. Diplomatlar ayol bilan aloqada bo‘lib, unga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.

Source: www.gazeta.uz