Toshkent shahri Shayxontohur tumani Jarariq mavzesida 80 ta daraxt noqonuniy yo‘q qilingani aniqlangani xabar qilinmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalarida ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida ushbu manzilda yashovchi fuqaro S.D. yollanma ishchilarni jalb qilgan holda 45 tup mevali va manzarali daraxtni noqonuniy kestirgani, shuningdek, 35 tup daraxt ko‘chatini belgilangan tartibga rioya qilmagan holda Yangihayot tumanidagi Yangi Darxon MFY hududiga ko‘chirib o‘tkazgani aniqlangan.
Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi asosida 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Vazirlar Mahkamasining 464-son qarori talablari asosida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 49 million 900 ming so‘m etib hisoblangan.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi holat 2026-yil may oyi oxirida sodir bo‘lgan. O‘rganish davomida mazkur hududda murojaatda aytilganidek 400 emas, green.tashkent.uz elektron bazasida ro‘yxatga olingan 112 tup daraxt mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, 24-iyun kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Golden Art House MCHJ hududida yana 3 tup daraxt tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Source: www.gazeta.uz