7-iyul kuni Andijon viloyati Marhamat tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 40 yoshli F.U. ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2025-yil 26-avgustda Rossiya Qurolli kuchlari bilan haq evaziga harbiy xizmat shartnomasini imzolagan.
Shundan so‘ng F.U. Kursk viloyatidagi harbiy o‘quv poligonida jangovar tayyorgarlik, qurol-yaroq va dronlarni boshqarish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tgan. Keyinchalik u Rossiya-Ukraina qurolli to‘qnashuvlarida Rossiya Qurolli kuchlari safida AK-74 avtomati bilan harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
Sudda F.U. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, 2025-yil yanvar oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borganini, taksichilik bilan shug‘ullanganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir kuni taksida olib borgan mijoz giyohvandlikda ushlangani uchun uni ham gumonlanuvchi sifatida hibsga olishgan va tergov hibsxonasida 2025-yil 26-avgustgacha saqlashgan.
F.U. tergov davomida bir nechta hujjatlarga imzo qo‘yganini, keyinroq ular Rossiya Qurolli kuchlari bilan urushda ishtirok etish bo‘yicha shartnoma ekanini tushunganini aytgan. U Vladivostokdagi harbiy qismga, so‘ng DXR hududidagi poligonga yuborilgan va asosan ta’minot guruhida xizmat qilgan, frontda qulab tushgan dronlarni yig‘ish bilan shug‘ullangan.
Sudlanuvchining aytishicha, front chizig‘ida Ukraina dronlarini yig‘ib yurgan vaqtida dron hujumi oqibatida chap oyog‘ining tizza qismi og‘ir jarohatlangan. U Donetskdagi harbiy gospitalda bir yarim oy, keyin Vladivostokda davolangan. 2026-yil 1-aprelda bir oylik ta’til berilgach, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
F.U. uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini, ulardan biri bolaligidan nogiron ekanini aytib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan. Sud uning aybiga iqror bo‘lgani, pushaymonligi, sudlanmagani va oilaviy ahvolini yengillashtiruvchi holat sifatida baholab, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan.
Natijada F.U. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topilib, ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolingan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Hukmga ko‘ra, jazo probatsiya xizmati belgilaydigan ish joyida o‘taladi.
Source: www.gazeta.uz