O‘zbekiston xalq shoirasi Sharifa Salimova 5-avgust kuni 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi. Janoza namozi asr namozidan so‘ng Chig‘atoy masjidida o‘qiladi.
Sharifa Salimova 1951-yil 30-dekabrda Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug‘ilgan. U 1958-1968-yillarda maktabda tahsil olgan va ilk she’rlari tuman gazetasi “Sur’at”da chop etilgan. 1969-1974-yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagach, O‘zbekiston televideniye va radioeshittirish qo‘mitasining “Vatandosh” radiostansiyasida faoliyatini boshlagan.
Sharifa Salimova 1987-yilgacha radioda kichik muharrirlikdan bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 1989-1994-yillarda “Saodat” jurnali va “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. Shu yillarda uning jamiyat muammolariga bag‘ishlangan publitsistik maqolalari e’lon qilingan.
Shoiraning ijodiy faoliyati bilan bir qatorda davlat va jamoat ishlarida ham faol qatnashgan. U O‘zbekiston Prezidenti devoni ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha yetakchi konsultanti (1998-1999), Prezident devoni tashkiliy-kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha yetakchi konsultanti (1999-2000), Oliy Majlisning Oila va ayollar muammolari komissiyasi raisi, deputat (2000-2005), Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining a’zosi, deputat (2005-2009) bo‘lib ishlagan.
Sharifa Salimova ijodida she’riyat va publitsistika yetakchi o‘rin tutgan. Uning dastlabki she’riy asarlari 70-yillarning oxiri — 80-yillarda “Hayot zavqi” (1978) va “Mening bahorim” (1987) nomi bilan chop etilgan. “Xizr bulog‘i” (1996) dostoni Alisher Navoiyning 550 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda feodal tuzum davri ayollarining fojiali qismati haqida so‘z boradi. “Tongga qasam” (2002) publitsistik maqolalar to‘plamida davrning eng dolzarb masalalari qalamga olingan.
Shoiraning “Yetti oqqush” (1991), “Giyohlar bilan tillashgan inson” (1996), “Giyohlar bilan tillashib, tog‘ oshayotgan odam” (2007), “Olimlik va odamiylik” (2011), “Vatan suvrati” (2011), “Vafoning iffat yo‘li” (2016), “Quvnoq Alifbo” turkumida “Hayvonot olamiga sayohat” (2016), “To‘maris” (2016), “Bedor tun tomchilari” (2018), “Qushlar alifbosi” kabi ko‘plab kitoblari nashr etilgan. U rus, qozoq, qirg‘iz shoiralaridan tarjimalar qilish bilan bir qatorda, islomshunos nemis shoiri Hadayatulloh Hyubsh she’rlarini ham tarjima qilib, “Oh, atirgul” nomi bilan nashrga tayyorlagan.
Sharifa Salimova ijtimoiy hayot muammolariga bag‘ishlangan ko‘plab publitsistik maqolalar muallifi. U “Yurakka sanchilgan ignalar”, “Ayol bo‘lish osonmi?”, “Ayol jinoyatga qo‘l urdi”, “Ko‘ngli yarimlar dunyosi”, “Yolg‘iz ayol: u kim?”, “Ildizlaring qayda iztirob?” kabi asarlarida ayollar muammolarini ko‘targan. Deputatlik faoliyati davomida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun og‘ir muammo bo‘lgan yod tanqisligi masalasini qonunlashtirish taklifi bilan chiqib, “Yodlangan osh tuzi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishiga o‘z hissasini qo‘shgan.
Shoiraning “Qaddingni tik tut, Ayol”, “Vatan”, “Davlatli sultonim mening”, “Qo‘rqitar”, “Achom-achom qilasiz” kabi she’rlari qo‘shiq qilib kuylangan (Yulduz Usmonova ijrosida).
Sharifa Salimova 1994-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, 2018-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. Uning ijodi o‘zbek adabiyoti va madaniyatida o‘chmas iz qoldirdi.
Source: www.gazeta.uz