Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Damas rusumli avtomobilda 28 nafar bola noqonuniy tashilayotgani aniqlangan. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) xabar bergan.
Hodisa Toshloq tumanidagi Turvat mahallasi hududida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari tomonidan qayd etilgan. To‘xtatilgan avtomobil tekshirilganda, unda 28 nafar bola bo‘lgani, shulardan besh nafari old o‘rindiqda o‘tirgani ma’lum bo‘lgan. Bu yo‘l harakati qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-8-moddasi (Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga 0,3 jarima bali yozilgan. Ushbu moddaga muvofiq, odam tashish qoidalarini buzish BHMning ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
YHXB xodimlari ota-onalar va haydovchilarni bolalarni tashish qoidalariga rioya qilishga bir necha bor ogohlantirganiga qaramay, bunday holatlar hali ham uchrayotganini ta’kidlamoqda. Bu bolalar xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida ham Damas avtomobilida 17 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi va bir nafar bog‘cha xodimasini tashigan haydovchiga nisbatan chora ko‘rilgan edi.
Source: www.gazeta.uz