Nukus shahriga so‘nggi ikki oy ichida jamoat transporti parkini yangilash maqsadida 44 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi rasmiy xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida hududlarda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish hamda harakat tarkibini zamonaviy avtobuslar bilan yangilash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Nukus shahrida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi “Fayz Avangard” MCHJ tomonidan 32 ta, “Mangit lestorg” MCHJ tomonidan esa 12 ta zamonaviy avtobus keltirildi. Ushbu avtobuslar shahar ichidagi yo‘nalishlarga brutto-shartnoma asosida joylashtiriladi.
Vazirlik ta’kidlashicha, yangi avtobuslar shaharda jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz qatnovni ta’minlash hamda transport tizimi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Nukus jamoat transporti uchun ilk elektrobuslar olib kelingan edi. Sapsan Trans Nukus korxonasi tomonidan Xitoydan olib kelingan 12 ta transportning umumiy qiymati 24 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Nukusga jami 200 ta avtobus olib kelinishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunda korxonalar tomonidan ularni olib kelish choralari ko‘rilmoqda.
Source: www.gazeta.uz