Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Termiz shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi odam savdosi ayblovi bilan sudlangan ayolga nisbatan hukm chiqardi. UzNews.uz muxbiri sud hujjatlariga tayanib xabar berishicha, 30 yoshli Angor tumani ayoli ajrashgandan so‘ng og‘ir moddiy ahvolga tushib, 2014-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini 40 million so‘mga sotishga kelishgan.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, ayol pulning birinchi yarmini olayotgan paytda qo‘lga olingan. Sud jarayonida ayol aybini to‘liq tan olgan va jinoyatga og‘ir moddiy ahvol, uy-joyning yo‘qligi va ko‘plab qarzlar sabab bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bolaning yaxshi sharoitda yashashiga umid qilgan.

Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning fevral oyida ayol qiz farzand dunyoga keltirgan va uni ixtiyoriy ravishda farzandsiz oilaga bergan. Sud ayolni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «b» bandi (odam savdosi) bo‘yicha aybdor deb topib, umumiy rejimdagi axloq tuzatish koloniyasida 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Bundan tashqari, sud Angor tumani «Inson» milliy ijtimoiy himoya agentligi bo‘limi va hokimlik huzuridagi bolalarni himoya qilish bo‘limiga onasi qo‘lga olinganidan keyin qarindoshi qaramog‘ida qolgan voyaga yetmagan bolaga vasiylik o‘rnatish masalasini hal qilishni topshirgan.

Source: www.uznews.uz