Prezident qaroriga ko‘ra, 2027-yil 1-maydan boshlab alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni zamonaviy yordamchi (assistiv) qurilmalar bilan ta’minlash tizimi voucherlar asosida joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi tizim bolalarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va ularning jamiyatga integratsiyalashuvini osonlashtirishga qaratilgan. Voucherlar orqali oilalar kerakli qurilmalarni mustaqil tanlab olishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida, shuningdek, imkoniyati cheklangan o‘qituvchilar uchun attestatsiya va umumiy ta’lim fanlaridan milliy sertifikat olish imtihonlarida belgilangan vaqtga nisbatan 50% qo‘shimcha vaqt beriladi.
Imtihon materiallari Brayl shriftida, audio va elektron formatlarda tayyorlanadi, bu esa imtihon topshirish jarayonini yanada qulay qiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish individual ta’lim rejalari asosida tashkil etiladi. Bu rejalar bolaning individual ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va o‘quv materialini o‘zlashtirish darajasini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi va korreksion sinflar ochgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga har bir o‘quvchi uchun subsidiyalar ajratiladi: Toshkent shahrida — 11 BHM, viloyat markazlari va Nukus shahrida — 9,5 BHM, boshqa tuman va shaharlarda — 8,5 BHM miqdorida.
Ushbu chora-tadbirlar imkoniyati cheklangan bolalarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash va ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Source: www.uznews.uz