Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yo‘l o‘tkazgichning tirgak devori 2025-yil 12-mart kuni qulab tushgan edi. Hodisa oqibatida qurbonlar bo‘lmagan, biroq bu holat jamoatchilikda katta rezonansga sabab bo‘lgan. 31-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida aybdorlarga nisbatan hukm o‘qildi.
Qurilish ishlari Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “O‘zyo‘lko‘prik” davlat klasterining Toshkent viloyati filiali tomonidan amalga oshirilgan. Buyurtmachi sifatida Avtomobil yo‘llarini qurish va qayta qurish direksiyasi, loyihachi sifatida esa “Yo‘l-loyiha byurosi” ishtirok etgan. Dastlab loyiha qiymati 130 mlrd so‘m deb baholangan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich 186,5 mlrd so‘mga yetgan. Sud hujjatlarida esa birinchi bosqich shartnomasi 118,9 mlrd so‘m, ikkinchi bosqich bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlar bilan 94 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etgani qayd etilgan. Umumiy qiymat 213 mlrd so‘mga yetgan.
Yo‘l o‘tkazgich 2024-yil 29-avgustda, Mustaqillik bayrami arafasida ochilgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘llanilgan texnologiya qurilish muddatini ikki baravar qisqartirgan va inshoot 100 yildan ortiq xizmat qilishi kutilgan. Biroq tekshiruv natijalari loyiha va qurilish normalaridan jiddiy chetga chiqishlar aniqlangan. Xususan, beton uchastkalari o‘rtasida “sovuq choklar” qoldirilgan, anker armaturasi loyihadagi 75 sm o‘rniga 40-45 sm chuqurlikda joylashtirilgan, armatura sterjenlari orasidagi masofa talablarga javob bermagan, yomg‘ir suvlarini qochirish tizimi esa samarasiz ishlagan.
Ekspertlar devor aynan “sovuq choklar” bo‘ylab yemirilgan degan xulosaga kelishgan. Ularning fikricha, loyiha yechimlari va qurilish normalariga rioya qilinganda, qulab tushishning oldini olish mumkin edi. Ish bo‘yicha pudrat, loyiha va nazorat tashkilotlari xodimlari ayblanuvchi sifatida o‘tishgan. Ular orasida “O‘zyo‘lko‘prik klasteri” Toshkent viloyati filiali direktori o‘rinbosari Akmal Murodov, ish yurituvchisi Abdumutal Isropilov, direksiya direktori o‘rinbosari Sanjar Mannonov, muhandislik-texnik nazorati bo‘limi bosh mutaxassisi Zafar Sharahmedov, “Yo‘l-loyiha byurosi” loyihasining bosh muhandisi Nurshod Mavlonov va subpudratchi “Grand Nur Yo‘l Qurilish” kompaniyasi rahbari Obid Adilov bor.
Sud aniqlaganidek, ayblanuvchilar bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi 3-shakldagi hisobotlarga yolg‘on ma’lumotlar kiritgan. Ekspertizaga ko‘ra, to‘rtta tirgak devorda umumiy summasi 6,17 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan ishlar sifatsiz bajarilgan. PS-3 devori qulab tushgan, PS-4 devori esa talablarga javob bermagan va to‘liq demontaj qilingan. Qolgan ikkita devorda tuproq cho‘kishi va konstruksiyalarning o‘zgarishi qayd etilgan. Shuningdek, hisobotda qiymati 599,7 mln so‘mlik bazalt geotsilkasi yetti qator qilib yotqizilgani ko‘rsatilgan, ammo tekshiruv faqat bir qator (taxminan 166 mln so‘mlik) ish bajarilganini aniqlagan. Tirgak devor ichiga 8880 kubometr qum-shag‘al aralashmasi to‘kilmagan, bu ham hisobotga kiritilgan edi. Umumiy zarar 7,38 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Sudlanuvchilar ayblarini to‘liq yoki qisman tan olishmagan. Ular qurilish ishlari foydalanishga yaroqsiz darajada sifatsiz emas, balki kafolat muddati doirasida bartaraf etish mumkin bo‘lgan kamchiliklar bilan bajarilganini ta’kidlashgan. Himoya tomoni, shuningdek, loyiha-smeta hujjatlarining bir qismi qurilish ishlari bajarib bo‘lingach paydo bo‘lganini, qum-shag‘al aralashmasi va bazalt geotsilkasi dastlab smetaga kiritilmaganini, balki faqat 2025-yil yozida qo‘shimcha ishlar to‘g‘risidagi hujjatlarga qo‘shilganini bildirgan. Advokatlar auditorlar va ekspertlarning maxsus sertifikatlari yo‘qligini ham bahslashishga urinishgan.
Sud ayblanuvchilarning aybini ishchi va davlat qabul komissiyalari dalolatnomalari, 2 va 3-shakldagi hisobotlar, hodisa joyini ko‘zdan kechirish materiallari, nazorat o‘lchovlari va sud-qurilish ekspertizasi xulosasi bilan isbotlangan deb topdi. Akmal Murodov, Sanjar Mannonov, Zafar Sharahmedov va Abdumutal Isropilov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlarida (takroran va manfaatdorlikni ko‘zlab mansab soxtakorligini sodir etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Nurshod Mavlonov o‘zlashtirish yoki rastrata qilishda sheriklikda, Obid Adilov esa o‘zlashtirish va mansab soxtakorligida sheriklikda aybdor deb topildi.
Sud barcha mahkumlarga bir yil muddatga moddiy javobgarlik va tashkiliy-farmoyish berish funksiyalari bilan bog‘liq lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilish jazosini tayinladi. Akmal Murodov va Sanjar Mannonovga 116,25 mln so‘mdan jarima, Obid Adilovga ham 116,25 mln so‘m jarima tayinlandi. Zafar Sharahmedov va Abdumutal Isropilovga dastlab 116,25 mln so‘mdan jarima tayinlangan, biroq sud ularning har biri uchun qamoqda o‘tkazilgan 39 kunni hisobga olib, to‘lanishi kerak bo‘lgan summani 108 mln 937,5 ming so‘mdan qilib belgiladi. Nurshod Mavlonovga ham 112,5 mln so‘m jarima tayinlanib, 39 kunlik qamoq hisobga olingach, 108 mln 937,5 ming so‘mni tashkil etdi. Zarar summasi 23-aprel kuni Bosh prokuratura depozit hisobraqamiga o‘tkazilgan va sud ushbu mablag‘larni davlat daromadiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Source: www.gazeta.uz