Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 5-avgust kuni jurnalistlar bilan uzoq kutilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Italiyalik mutaxassis jahon chempionatidan so‘ng ilk bor ommaviy axborot vositalari vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, jamoa atrofidagi bahsli vaziyatlarga oydinlik kiritdi.

Kannavaro matbuot anjumanini jamoani tark etib, Italiyaga qochib ketgani haqidagi xabarlarni rad etish bilan boshladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, federatsiya bilan kelishilgan holda Nyu Yorkda barcha bilan xayrlashgan va oxirgi xodim hamda futbolchi mehmonxonani tark etgunga qadar o‘zi ham shu yerda bo‘lgan. „Qochib ketadigan hech qayerim yo‘q — men jamoam va futbolchilarimdan faxrlanaman“, — dedi u.

Murabbiy terma jamoaning Jahon chempionatidagi ishtiroki tashkil etilishidan mamnun ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va jamoa shtabiga minnatdorlik bildirdi. U, shuningdek, turnir oldidan o‘yinchilarni yuqori shiddat haqida ogohlantirganini eslatib, „Jahon chempionati qattiq va ayovsiz o‘tishini bilardim“, deya qo‘shimcha qildi.

Kannavaro jamoa ichida „kalamushlar“ borligini ham inkor etmadi. „Bilmadim, ehtimol jamoa ichida qandaydir kalamushlar bordir. Lekin murabbiy sifatida men futbolchilarimni himoya qilishim kerak. Siz meni tanqid qilishingiz mumkin — muammo yo‘q. Ammo mening futbolchilarimni emas, chunki ular bor kuchini berdi“, — dedi u.

Tarkib tanlash masalasiga to‘xtalib, Kannavaro Aziz Turg‘unboyev va Hojimat Erkinovning qaydnomaga kiritilmaganiga izoh berdi. Uning aytishicha, ularning Superligadagi o‘yin darajasi va maydondagi tana tili o‘sha paytda milliy terma jamoa talablariga javob bermagan. Shuningdek, u Jaloliddin Masharipov haqida alohida to‘xtalib, futbolchi sakkiz oy davomida rasmiy o‘yinlarda maydonga tushmaganini, biroq uning saviyasi va saralashdagi hissasini hisobga olib, uni tayyorlashga harakat qilganini aytdi.

Masharipovning jarohati haqida Kannavaro asosiy muammo tizza emas, balki bel sohasidagi og‘riqlar ekanini, futbolchida disk churrasi aniqlangani va hatto yurishga qiynalganini ma’lum qildi. „Bu og‘ir qaror edi. U yaxshi o‘yinchi, saralash bosqichida ulkan ishlarni amalga oshirdi. U Jahon chempionatida ishtirok etishga loyiq edi. Ammo kimdir bu qarorni qabul qilishi kerak edi“, — dedi murabbiy.

Kannavaro jamoaning o‘yin uslubi haqidagi savollarga javob berar ekan, xorijiy murabbiy kelishi bilan jamoa darhol „Barselona“dek o‘ynashini kutish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. U Kolumbiyaga qarshi o‘yinni ijobiy misol sifatida keltirib, ikkinchi bo‘limda jamoa yaxshilanganini aytdi. Portugaliyaga qarshi bahsda esa raqibning qaror qabul qilish tezligi juda yuqori bo‘lganini tan oldi.

Murabbiy o‘z xatolarini ham tan oldi: „Ehtimol, darvozabonni almashtirish to‘g‘ri qaror bo‘lmagandir. Ammo mashg‘ulotlarda Ne’matov ancha yaxshi ko‘ringandi. Murabbiy sifatida men qaror qabul qilishga majburman“. U, shuningdek, ba’zi tajribali futbolchilarga JCHda o‘yin vaqti berilmaganidan afsusda ekanini bildirdi.

Osiyo Kubogi oldidan Kannavaro tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishini tasdiqladi: „Ro‘yxatda saralashda qatnashgan ko‘plab o‘yinchilar bor edi. Ba’zilariga oldin qilgan ishlari uchun o‘ziga xos bonus berdim. Endi bu bonus tugadi. Biz ba’zi futbolchilarni o‘zgartirishimiz kerak“. U yoshlarga ishonishdan qo‘rqmasligini, jumladan, Behruz Karimovni JCHning birinchi o‘yinida maydonga tushirish qarorini misol qilib keltirdi.

Kannavaro Osiyo Kubogida yuksak maqsadlarni qo‘yish kerakligini aytdi: „Osiyo Kubogiga shunchaki zavq olish uchun bormayapmiz. Bu — batamom boshqa turnir. Iloji boricha oldinga o‘tish uchun salohiyatimiz yetarli. Osiyo terma jamoalaridan qo‘rqmasligimiz kerak“. U kuchli raqiblar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etishni so‘raganini, jumladan, Janubiy Koreya va Eron bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Murabbiy 4-3-3 sxemasini afzal ko‘rishini aytib, terma jamoa himoyadan qisqa paslar orqali chiqishi va markazni nazorat qilishi kerakligini ta’kidladi. U yoshlar terma jamoalari murabbiylari bilan uchrashishni rejalashtirayotganini va futbolchilarni Yevropaga yuborish zarurligini qayd etdi: „Yosh o‘zbekistonlik futbolchilar Yevropada o‘ynashni orzu qilishlari shart. Yaponiya yoki Marokashga qarang — ularning futbolchilari butun Yevropa bo‘ylab to‘p suradi va terma jamoaga qaytgach, natija ko‘rsatadi“.

Kannavaro ko‘plab jarohatlar mashg‘ulotlarning haddan tashqari intensivligi sababli yuzaga kelgani haqidagi da’volarni rad etib, faqat Odil Hamrobekov bevosita tayyorgarlik vaqtida jarohat olganini, qolganlar esa avvalgi muammolari bilan kelganini aytdi. U zamonaviy futbolda intensivliksiz natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Source: www.gazeta.uz