Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi yangi qonun [O‘RQ-1162-son] imzolandi. Ushbu qonun mamlakatda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish hamda yo‘l faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni maqsad qilgan.

Qonunga muvofiq, avtomobil yo‘llari foydalanish rejimiga ko‘ra bepul va pulli turlarga bo‘linadi. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari davlat mulki hisoblanib, ular Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ixtiyorida bo‘ladi va cheklanmagan doiradagi shaxslar uchun mo‘ljallangan.

Yangi qonunda yo‘l bo‘yi mintaqasi tushunchasi ham kiritilgan. Bu ajratilgan mintaqaga ikki tomondan tutashgan, transport harakati xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus shartlar belgilanadigan yer uchastkasi sifatida ta’riflanadi. Yo‘l bo‘yi mintaqasining minimal o‘lchamlari qonun bilan belgilangan.

Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari yo‘l egalari tomonidan, jumladan ixtisoslashtirilgan yo‘l tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi. Yirik gabaritli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi, bu ruxsatnomani faqat vakolatli organ beradi.

Pulli avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Muhim shartlardan biri – pulli yo‘l bilan parallel ravishda muqobil bepul harakatlanish imkoniyati ta’minlanishi kerak.

Pulli yo‘llardan foydalanish uchun to‘lov transport vositalarining yuqori tezlik rejimi va yuqori darajadagi servis xizmatini ta’minlash sharti bilan joriy etiladi. Foydalanuvchilar operator bilan ommaviy shartnoma tuzish orqali pulli yo‘ldan harakatlanishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Toshkent–Samarqand, Toshkent–Andijon, Toshkent–Chorvoq va Urganch–Xiva kabi pulli yo‘llarni qurish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar mamlakat infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Source: www.gazeta.uz