Iyun oyida milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka may oyidagi 17,1 foizdan 17,6 foizgacha oshdi. Bu fevral oyidan beri qayd etilgan birinchi o‘sishdir. Biroq oylik o‘sishga qaramay, so‘mdagi depozitlarning nominal daromadliligi (inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar hisobga olinmagan holda) o‘tgan yil iyun oyidagi darajadan 2,2 foiz bandiga past bo‘lib qolmoqda. O‘shanda o‘rtacha stavka 19,7 foizni tashkil etgan.
Bir oy ichida eng sezilarli o‘sish muddati bir yilgacha bo‘lgan depozitlar bo‘yicha qayd etildi — stavka 14,7 foizdan 15,4 foizgacha ko‘tarildi. Biroq 2025-yil iyun oyiga nisbatan u 3,4 foiz bandiga pasaygan. Muddati bir yildan ortiq bo‘lgan omonatlar bo‘yicha o‘rtacha daromadlilik deyarli o‘zgarmadi va yillik 18,1 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi darajadan 1,8 foiz bandiga past.
Jismoniy shaxslarning so‘mdagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka pasayishda davom etib, iyun oyida yillik 19,2 foizni tashkil qildi. Bu 2021-yil mart oyidan buyon eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Bir oy ichida stavka 0,4 foiz bandiga, bir yilda esa 2,1 foiz bandiga pasaydi. Eng katta pasayish aholining qisqa muddatli omonatlarida kuzatildi. Muddati bir yilgacha bo‘lgan depozitlar bo‘yicha stavkalar yillik 17,4 foizdan 16,6 foizgacha tushdi. Bu o‘tgan yil iyun oyiga nisbatan 3,9 foiz bandiga kam.
Aholining uzoq muddatli omonatlari bo‘yicha banklar o‘rtacha yillik 19,6 foiz taklif qildi. May oyida bu ko‘rsatkich 19,9 foiz, bir yil avval esa 21,5 foiz bo‘lgan. Iyun oyida yuridik shaxslarning so‘mdagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka biroz oshib, yillik 15,2 foizdan 15,3 foizgacha ko‘tarildi. O‘tgan yil iyun oyiga nisbatan u 2,6 foiz bandiga pasaygan. Muddati bir yilgacha bo‘lgan korporativ depozitlar bo‘yicha daromadlilik may oyidagi 14,3 foizdan 14,8 foizgacha oshdi. Bir yil avval o‘rtacha stavka 18 foizni tashkil etgan.
Biznesning uzoq muddatli depozitlari bo‘yicha stavkalar, aksincha, yillik 15,9 foizdan 15,5 foizgacha pasaydi. Bu 2025-yil iyun oyidagi darajadan 2,3 foiz bandiga past. Iyun oyida xorijiy valyutadagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalar may oyidagi keskin o‘sishdan keyin 5,5 foizdan 4,5 foizgacha pasaydi. Yillik hisobda ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan — o‘tgan yil iyun oyida u 4,6 foizni tashkil etgan.
Pasayish asosan qisqa muddatli valyuta depozitlari hisobiga kuzatildi. Ularning o‘rtacha daromadliligi yillik 5,4 foizdan 3 foizgacha tushdi. Muddati bir yildan ortiq omonatlar bo‘yicha stavkalar kamroq pasayib, 5,7 foizdan 5,5 foizgacha tushdi, biroq baribir 2025-yil iyun oyidagi darajadan 0,7 foiz bandiga yuqori bo‘lib qoldi. Aholi uchun valyutadagi omonatlarning o‘rtacha daromadliligi yillik 5,3 foizni tashkil qildi va bir oy ichida deyarli o‘zgarmadi. O‘tgan yil iyun oyiga nisbatan ko‘rsatkich 0,5 foiz bandiga oshgan.
Jismoniy shaxslarning qisqa muddatli valyuta omonatlari bo‘yicha stavkalar 2,7 foizgacha pasaydi, uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha esa yillik 5,7 foizgacha oshdi. Yuridik shaxslarning valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha daromadlilik may oyidagi 5,6 foizdan iyun oyida 3,8 foizgacha tushdi. O‘tgan yil iyun oyiga nisbatan ko‘rsatkich 0,5 foiz bandiga pasaygan. Biznesning qisqa muddatli valyuta depozitlari bo‘yicha stavkalar 5,5 foizdan 3,1 foizgacha, uzoq muddatlilari bo‘yicha esa 6,3 foizdan 4,9 foizgacha pasaydi.
Aholining so‘mdagi omonatlari bo‘yicha real daromadlilik, ya’ni nominal stavkadan inflyatsion kutilmalar chiqarib tashlangan ko‘rsatkich, iyun oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Bu may oyidagi darajadan 0,4 foiz bandiga past, biroq o‘tgan yil iyun oyiga nisbatan 1,1 foiz bandiga yuqori. Yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha real stavka iyun oyida may oyidagi 4,7 foizdan 4,9 foizgacha ko‘tarildi. 2025-yil iyun oyiga nisbatan ko‘rsatkich 0,5 foiz bandiga pasaygan.
Shu tariqa, aholi omonatlarining nominal daromadliligi pasayganiga qaramay, ularning real daromadliligi o‘tgan yilgi darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Biznes uchun bu ko‘rsatkich, aksincha, bir oy ichida biroz tiklangan bo‘lsa-da, hali ham bir yil avvalgi darajadan past. Eslatib o‘tamiz, iyun oyida so‘mdagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka yillik 21,6 foizgacha pasaygan — bir oyda 0,4 foiz bandiga, bir yilda esa 1,4 foiz bandiga. Biznes uchun bank kreditlari 21,8 foizgacha arzonlashib, 2023-yil oktabridan buyon eng past darajaga tushgan, ayni paytda aholi uchun kredit stavkalari biroz oshgan.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti jismoniy shaxslarning bank omonatlari bo‘yicha foiz daromadlariga 5 foizlik soliq joriy etishni taklif qilgan edi. Tashabbus mualliflari hisob-kitoblariga ko‘ra, bu chora har yili budjetga taxminan 1,4 trln so‘m qo‘shimcha tushum keltirishi mumkin. Iqtisodchilarning fikricha, mazkur taklif bank tizimiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishi, so‘mda jamg‘arishga qiziqishni pasaytirishi va mablag‘larning bir qismi valyuta, oltin hamda ko‘chmas mulkka yo‘nalishiga turtki bo‘lishi mumkin. Ular bu tashabbus haqiqatan ham budjetga va’da qilingan 1,4 trln so‘m tushum keltirishiga shubha bildirmoqda.
Source: www.gazeta.uz