4-avgust kuni Gazeta Yunusobod tumanidagi 17-daha aholisi 2026-yil mart oyidan beri Toshkent hokimining hovlidagi avtoturargoh o‘rnida besh qavatli mahalla markazi qurilishiga oid qarori ustidan sudlashib kelayotgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Ishni tumanlararo va shahar ma’muriy sudlari ko‘rib chiqqan.
5-avgust kuni kechqurun Yunusobod tumani hokimi Abrorxo‘ja Saidaliyev boshchiligidagi delegatsiya hududga keldi. Aholi bilan uchrashuvda u qurilish bo‘lmasligini ma’lum qildi.
“Hokim ko‘p qavatli bino qurilmasligini, yer avtoturargoh uchun qoldirilishini aytdi”, — dedi Gazeta`ga 23-uyda yashovchi Antonina Mirzayeva.
“Aholining manfaatlari va ularning haqli e’tirozlari to‘liq inobatga olindi”, — deyiladi Yunusobod tumani hokimligi matbuot xizmati bayonotida.
Uchrashuv chog‘ida aholi boshqa masalalarni ham ko‘tardi. Fuqarolardan biri dahada futbol maydonchasi qurishni taklif qildi. Boshqalar esa avtoturargoh bo‘ylab harakat jadal ekani va ularning aytishicha, bu yerda bolalar va keksa yoshdagilar avtomobillar ostida qolgani sababli sun’iy notekisliklar o‘rnatishni so‘radi. Hokim bu takliflar yuzasidan aholi bilan alohida uchrashuv o‘tkazish uchun mutaxassislarni yuborishga va’da berdi.
23-uy uy boshqaruvchisi Ra’no Abdusattorova ham mahalla qo‘mitasi keksa yoshdagilar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatmayotganini bildirdi.
Aholining reviziya shikoyati bo‘yicha sud majlisi 14-avgustga belgilangan.
Gazeta vaziyatni kuzatishda davom etadi.
Avvalroq nashr shunga o‘xshash holatni yoritgan edi — Yashnobod tumanidagi Cho‘lpon mahallasida aholi bir yildan ortiq vaqt davomida futbol maydoni o‘rnida mahalla binosi qurilishiga qarshi sudlarda muvaffaqiyatsiz bahslashgan. Gazeta maqolasi e’lon qilingach, tuman hokimi aholi bilan uchrashib, loyihadan voz kechishga va obodonlashtirish ishlarida ularning takliflarini inobatga olishga va’da bergan. Oradan ikki kun o‘tib, chuqur ko‘milgan va qurilish to‘sig‘i demontaj qilingan.
Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasida esa Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashrifidan so‘ng prokuratura quruvchi kompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ular bolalar va sport maydonchalari o‘rnida qurilish qilishda hujjatlarni soxtalashtirish va vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda. Bosh prokuraturaga shahar bo‘ylab shunga o‘xshash obyektlarni tekshirish topshirilgan.
Source: www.gazeta.uz