Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bugun, 6-avgust kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Eshonguzar qo‘rg‘oni hududida joylashgan ikki qavatli savdo majmuasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in dastlab do‘konlardan birida boshlanib, keyin qo‘shni savdo nuqtalariga tarqalgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, yong‘in haqidagi xabar soat 12:29 da kelib tushgan. Shundan so‘ng voqea joyiga bir nechta yong‘in-qutqaruv ekipaji tezkor ravishda yetib borgan.

Qayd etilishicha, yong‘in soat 13:48 da qurshab olingan va 14:09 da to‘liq bartaraf etilgan. FVVning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida do‘konlarning 400 kvadrat metr maydoni zarar ko‘rgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Gazeta muxbiri soat taxminan 20:00 larda voqea joyiga borganida, yong‘in-qutqaruvchilar hali ham binolarni ko‘zdan kechirayotgani va vayronalarni tozalashga yordam berayotganiga guvoh bo‘lgan.

Ayrim xonalardan hanuz tutun chiqib, havoda o‘tkir kuygan hid saqlanib turgan. Biroz vaqt o‘tgach, tutun to‘xtagan. Yerda esa do‘konlardan olib chiqishga ulgurilgan tovarlar va yig‘ilgan chiqindilar yotgan.

Sotuvchilardan biriga ko‘ra, yong‘in dastlab yuqori qavatda elektr tizimidagi nosozlik sababli kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

O‘ndan ortiq do‘kon joylashgan mazkur blok Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘yida, tuman ixtisoslashtirilgan maktabi yaqinida joylashgan. Bu yerda mebel, sport anjomlari, mobil telefon aksessuarlari, sovg‘alar va bolalar tovarlari sotilgan.

Voqea joyida taxminan 20 nafar sotuvchi bo‘lgan. Ayrimlari tovar egalarini kutayotganini aytgan. Ayollardan biri esa tovarlarning bir qismini olib ketishi uchun turmush o‘rtog‘ini kutayotganini bildirgan.

Do‘konlar ortida joylashgan kichik savdo shoxobchasi sotuvchisi bo‘lgan yosh yigitning aytishicha, yong‘inni o‘chirish ishlari davomida ular jabrlangan do‘kon xodimlari hamda yong‘in-qutqaruvchilarga bepul ichimlik suvi tarqatgan.

Source: www.gazeta.uz