Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Kichik halqa avtomobil yo‘lining bir qismida transport harakati vaqtincha cheklandi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, avvalroq ushbu yo‘lning qarama-qarshi tomonida kapital ta’mirlash va yangi asfalt qoplamasini yotqizish ishlari yakunlangan. Endilikda ushbu ishlar yo‘lning ikkinchi tomonida davom ettiriladi.
Shu munosabat bilan 6-avgust soat 23:00 dan 10-avgust soat 08:00 gacha Kichik halqa avtomobil yo‘lining Bunyodkor shoh ko‘chasi bilan kesishmasidan Arnasoy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun yopildi.
Cheklov vaqtida avtotransport vositalari oqimi qarama-qarshi tomonga yo‘naltiriladi va harakat vaqtinchalik sxema asosida tashkil etiladi. Tez tibbiy yordam mashinalari uchun alohida vaqtinchalik harakat yo‘nalishi ajratiladi.
YHTEM haydovchilardan yo‘l belgilariga rioya qilish, tezlikni pasaytirish va harakat yo‘nalishini oldindan rejalashtirishni so‘ragan.
Source: www.gazeta.uz