Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda 7-avgustdan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonun doirasida hayvonlarga pasport berilishi, soliq joriy etilishi yoki ijtimoiy nafaqalarga ta’sir qilishi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov ushbu tizim qanday ishlashi, qaysi hayvonlar identifikatsiya qilinishi, ma’lumotlar bazasida nimalar saqlanishi va aholini qiziqtirgan boshqa savollarga Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Qo‘ziboyev bilan suhbatda aniqladi.

G‘ayrat Qo‘ziboyevning ta’kidlashicha, tizimning asosiy maqsadi hayvon egalariga qo‘shimcha muammo yaratish emas, balki hayvonlar va ularning egalari haqida yagona elektron bazani shakllantirishdir. Bu hayvon orqali yuqadigan yuzdan ziyod kasalliklarni nazorat qilish imkonini beradi. Masalan, bir hududda kuydirgi, quturish yoki brutsellyoz aniqlansa, identifikatsiya orqali kasallik qaysi hayvonlar bilan bog‘liq ekani va xavf darajasi tez aniqlanadi. Shu tariqa epizootik barqarorlik ta’minlanadi.

Identifikatsiya chorvachilik uchun ham muhim: hayvonlarning harakati, naslchilik, emlash, sun’iy urug‘lantirish va boshqa veterinariya tadbirlari tizimli hisobga olinadi. Shuningdek, go‘sht va sut kabi mahsulotlarning kelib chiqishi, hayvonning sog‘lig‘i hamda veterinariya nazoratidan o‘tgani haqida ma’lumot shakllanadi. Bu iste’molchilar ishonchini oshirib, nazoratsiz mahsulotlarning bozorga chiqishini cheklaydi.

Qonunga ko‘ra, qoramol, qo‘y, echki va tuyalar tug‘ilganidan keyin 14 kun o‘tgach, otlar 4 oydan so‘ng, cho‘chqalar 1 oy, it va mushuklar esa 3 oydan keyin identifikatsiya qilinishi kerak. Belgilangan muddat tugagach, ular bir oy ichida elektron ro‘yxatga olinadi. Identifikatsiya usuli hayvon turiga qarab farq qiladi: qoramol, qo‘y, echki va tuyalarga ikki qulog‘iga bir xil raqamli sariq birka taqiladi. Har bir birkada O‘zbekiston belgisi, hududning harfli kodi, hayvon turini bildiruvchi raqam, qo‘mita logotipi va QR kod bo‘ladi.

2030-yilgacha ushbu tizim orqali hayvondan olingan mahsulotlarni ham to‘liq kuzatish imkoni yaratiladi. Masalan, go‘shtdagi QR kodni skaner qilganda hayvonning qaysi xo‘jalikda parvarishlangani, yoshi, zoti, emlash tarixi va veterinariya nazoratidan o‘tgani haqida ma’lumot ko‘rinadi. It va mushuklarga esa mikrochip o‘rnatiladi.

Birka va mikrochiplar xorijdan olib kelingan bo‘lib, xalqaro tajriba asosida tanlangan va milliy standart talablariga javob beradi. Ular yuqori haroratga chidamli, rangi o‘chmaydi va uzilib ketmaydi. Qoramol uchun ikkita quloq birkasidan iborat to‘plamning xalqaro bozordagi narxi o‘rtacha 1 dollar yoki undan arzonroq.

Identifikatsiya raqami hayvonga umri davomida faqat bir marta beriladi va boshqa hayvonda takrorlanmaydi. Hayvon sotilsa yoki boshqa hududga olib o‘tilsa, faqat egasi haqidagi ma’lumot yangilanadi, raqam esa o‘zgarmaydi. Hozirga qadar 3,7 milliondan ortiq chorva hayvoni identifikatsiya qilingan.

Hayvonga alohida pasport berilmaydi. Shuningdek, identifikatsiyadan keyin soliq joriy qilinishi yoki ijtimoiy nafaqalarga ta’sir qilishi haqidagi gaplar asossiz. Ilgari chorvadorlar hayvonlarini ajratish uchun peshanasiga bo‘yoqlar surtgan, shoxiga belgi qo‘ygan yoki bo‘yniga maxsus belgi bog‘lagan. Zamonaviy identifikatsiya tizimi ana shu usullarning raqamlashtirilgan va aniqroq ko‘rinishi hisoblanadi.

Ma’lumotlar Vis-Chinor elektron axborot tizimida saqlanadi. Bazaga faqat maxsus login va parolga ega davlat veterinariya xizmati mutaxassislari kira oladi. Tizim davlat axborot bazalari bilan integratsiya qilingan bo‘lib, veterinariya nazoratini raqamli shaklda yuritishga xizmat qiladi.

Fuqarolar biror idoraga borishi shart emas. Har bir mahallaga biriktirilgan veterinariya uchastkasi shifokorlari ko‘chama-ko‘cha yurib, xonadonlardagi hayvonlarni bosqichma-bosqich identifikatsiya qilib bormoqda. Agar hayvon egasi navbatni kutmasdan identifikatsiya qildirmoqchi bo‘lsa, veterinariya uchastkasi shifokoriga yoki tuman bo‘limiga murojaat qilishi mumkin. Murojaat kelib tushganidan keyin besh ish kuni ichida veterinariya xodimi xonadonga borib, hayvonni identifikatsiya qiladi.

Jarayon ko‘p vaqt talab qilmaydi. Birkani taqish o‘rtacha 2-3 daqiqa, elektron bazaga ma’lumot kiritish esa taxminan bir daqiqa vaqt oladi. Bitta hayvonni to‘liq identifikatsiya qilish uchun o‘rtacha besh daqiqa yetarli. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir veterinariya uchastkasi xodimi bir ish kunida o‘rtacha 32 bosh chorva hayvonini identifikatsiya qilishi mumkin.

Hozircha elektron axborot bazasiga ma’lumot kiritish huquqi faqat davlat veterinariya xizmati xodimlariga berilgan. Kelgusida xususiy veterinariya klinikalari ham identifikatsiya jarayonida ishtirok etishi mumkin. Qonunda identifikatsiya jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan parvarishlanayotgan yoki ko‘paytirilayotgan hayvonlarga nisbatan qo‘llanishi belgilangan. Egasiz hayvonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tizimga kirmaydi, biroq boshpanaga olingan hayvonlar bepul identifikatsiya qilinadi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish to‘liq bepul amalga oshiriladi. Bu ishlar prezident qarori asosida Jahon banki tomonidan ajratilgan 33 million dollar mablag‘ hisobidan bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Fermer xo‘jaliklariga ham veterinariya xizmati xodimlari o‘zlari boradi. Ro‘yxatdan o‘tgan hayvonlar bo‘yicha kredit, sug‘urta va davlat imtiyozlaridan foydalanish osonlashadi.

Yevropa va boshqa davlatlardan import qilinadigan nasldor hayvonlarning barchasida identifikatsiya raqami bo‘ladi. Ular O‘zbekistonga olib kirilgach, 21 kun ichida mahalliy elektron bazaga kiritilishi shart. Hayvon so‘yilsa, nobud bo‘lsa yoki mamlakatdan olib chiqilsa, u yetti kun ichida elektron ro‘yxatdan chiqarilishi kerak.

Hozirgi kunda hayvonlarni identifikatsiya qilish majburiy emas. Jismoniy va yuridik shaxslar uchun majburiy identifikatsiya talabi 2028-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Unga qadar tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi. Barcha hayvonlarni bir vaqtning o‘zida ro‘yxatga olish imkoni bo‘lmagani uchun ishlar avval mahsulot beruvchi hayvonlardan boshlanadi.

Source: www.gazeta.uz